$
 12640.21
-49.76
 13559.15
1.19
 137.02
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 19-mart voqealari

3 19

AQShda o‘zbekistonlik ayol otib o‘ldirildi

Amerikada o‘zbekistonlik ayol sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabar tarqalmoqda. Manbalarda yozilishicha, shanba kuni Pensilvaniya shtatida ikki kishi otishma sabab vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Yakshanba kuni mahalliy organlar Louyer-Morlend shaharchasida sobiq er-xotin qotillik va o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.

Bayramda gaz baloni portlashidan 37 kishi jabr ko‘rdi

Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida Navro‘z bayrami sayli o‘tkazilayotganida gaz balon portlab ketdi. Ma’lum qilinishicha, Ko‘kdala tumanida o‘tkazilayotgan sayilda gaz chaqnashi natijasida gaz balon portlab ketgan. Holat 18-mart kuni sodir bo‘lgan.

Portlash oqibatida 37 kishi yong‘in tufayli turli darajada jarohat olib, shifoxonaga olib kelingan. Ularning 7 nafari statsionar tartibda shifoxonaga yotqizilgan, 17 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan, 13 nafarida tan jarohatlari aniqlanmagani sababli tibbiy ko‘rikdan keyin uyiga qaytarilgan.

Qalbaki dollar savdosi

“Namangan-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 1978 y.t shaxs boshqaruvidagi “Honda” rusumli avtomashina Pop tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda qalbaki 4 ming AQSh dollari borligi ma’lum bo‘ldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur qalbaki valyutalarni kelgusida sotish maqsadida Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqarodan 2200 AQSh dollariga sotib olganligi aniqlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro qalbaki 5 400 AQSh dollarini haqiqiy 3 ming AQSh dollariga ayirboshlagan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u Turkiyada ishlab chiqarilgan qalbaki valyutalarni Qirg‘iz Respublikasidagi jinoiy sheriklaridan olib kelgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 9400 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.

“Damas” va “Lacetti” o‘rtasida YTH

Chilonzor tumanida “Damas” va “Lacetti” avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Joriy yilning 17-mart kuni soat 14:30 larda Chilonzor tumani Lutfiy ko‘chasida haydovchi “Damas” rusumli avtomashinasini boshqarib kelayotib rul boshqaruvini yo‘qotib, yoritkich ustuniga to‘qnashgan va yo‘l transport hodisasi sodir etgan. To‘qnashuvdan so‘ng yoritkich ustuni shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan “Lacetti” rusumli avtomashina old qismiga tushib ketib, texnik shikast yetkazgan.

YTH natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.