$
 12775.02
34.0
 14090.85
28.59
 134.60
0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 16-mart voqealari

3 16

Avtomobil o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan o‘quvchi

Toshkentda mashina o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 15 yoshli maktab o‘quvchisiga hukm o‘qilgan. Ma’lum qilinishicha, Uchtepa tumanida 15 yoshli maktab o‘quvchisi mashina o‘g‘irlab qo‘lga tushgan. Sud majlisida o‘quvchi avval ham bir necha marta mashina o‘g‘irlagani ma’lum bo‘lgan.

Tafsilotlarga ko‘ra u uchinchi mashinani o‘g‘irlagach yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Mashina ustunga borib urilgan. O‘smir mashinani pachaq holida tashlab ketgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan o‘quvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilgan. Sudya unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayindi. Jazoni axloq tuzatish koloniyasida o‘tashi belgilangan.

YTHga uchragan yuk mashinasi yonib ketdi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Jizzax viloyatida yuk avtomobili bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16 mart kuni soat 10:30 lar atrofida Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 983-kilometrida yuk avtomobili haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni qarama-qarshi oqimini ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilgan. To‘qnashuv natijasida yuk avtomobilida yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Hodisa natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q.

Noqonuniy alkogol sexi

Dehqonobod tumanida alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan yashirin sex aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro B.U. o‘z uyidan 6 000 dona “Shahrisabz” nomli qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotini “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasida Navoiy viloyatida o‘tkazish uchun olib ketayotgan vaqtida YPX maskanida to‘xtatib qolingan.

Ushbu mahsulotlarning manbasini aniqlash maqsadida davom ettirilgan tadbirda, Shahrisabz shahri Kunchiqar mahallasidagi xonadonda yashovchi O.Sh. o‘z uyida qo‘lbola alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex tashkil etganligi fosh etilib, ushbu yashirin sexdan jami 2 568 dona “Shahrisabz” va “Russkaya” nomli qo‘lbola alkogol mahsuloti, 1 796 dona qalbaki aksiz marka, 920 litr spirt, 6 500 dona yorliq va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

IIO xodimining ratsiyasini olib qochgan shaxs 5 sutkaga qamaldi

Jamoat joyida haqoratli so‘zlar bilan so‘kinib, jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzgan, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmagan hamda IIO xodimiga tegishli maxsus vositani olib, ketib yuborgan fuqaro M.Sh.ning qilmishi to‘plangan hujjatlar asosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudida ko‘rib chiqilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

53 marta qoida buzgan haydovchining mashinasi auksionda

Toshkent shahar IIBB YHXB qarorlariga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni 53 marotaba sodir etgan fuqaro X.M.dan davlat foydasiga jami 20 mln. 664 ming 239 so‘m ma’muriy jarima undirish haqidagi ijro hujjatlari MIB Shayxontohur tumani bo‘limi ish yurituvida mavjud.

Qarzdor fuqarodan 20,6 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish maqsadida davlat ijrochisi M.Rixsitullayev qarzdorni bir necha marotaba ogohlantirgan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi sababli qarzdorga tegishli bo‘lgan Cobalt rusumli avtotransport vositasi tegishli tartibda jarima maydonchasiga olib kirildi.

Hozirda auksion savdolariga chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Soliqchi bilan janjallashgan sotuvchi ayollar jarimaga tortildi

Uzun tumanida soliq inspeksiyasi xodimi va yo‘l chetida salat sotadigan ikki ayol o‘rtasida ro‘y bergan janjal videosi tarqaldi. Videoda soliqchi mahsulotlarni olib qo‘yishga uringanida tog‘oradagi salat to‘kilib ketgani, ayollardan biri uning ustiga salat suvini sepgani ko‘ringan. Uzun tumani sudi ayollarni ma’muriy javobgarlikka tortdi. Viloyatdagi soliq xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borildi.