“Qora dayjest”: 2024-yil 5-dekabr voqealari
Ehtiyojmand oilalarga tarqatiladigan 50 tonna ko‘mirni sotayotgan ombor mudiri va qorovuli ushlandi, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish avj olmoqda, Buxoroda BPI xodimi 320 million so‘mni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyojmand oilalarga tarqatiladigan 50 tonna ko‘mirni sotayotgan ombor mudiri va qorovuli ushlandi
Maʼlum qilinishicha, “Ko‘mirtaʼminot” MCHJning Samarqand filiali “Maroqand” ko‘mir ombori mudiri J.P. soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni fuqaro A.A.ga 37,5 mln. so‘mga sotishga kelishgan.
Shundan 13,2 tonna ko‘mirni ombor qorovuli X.J. yordamida yetkazib bergan. Kelishilgan pullar hisobidan 28 mln so‘mni olgan vaqtida esa ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish avj olmoqda
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Angor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.H.” oilaviy korxonasi rahbari B.M. ishlab chiqarish binosida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga tijorot maqsadida yashirincha ulanib, jami 227,8 mln. so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi va “O‘zenergoinspeksiya” Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.” fermer ho‘jaligi rahbari A.A. umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 121 mln. so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “X.O.” oilaviy korxonasi rahbari G‘.D. korxonaga qarashli Pastdarg‘om tumanidagi binoda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, jami 94,8 mln. so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Buxoroda BPI xodimi 320 million so‘mni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda
Buxoro viloyatining Kogon tumanida Majburiy ijro byurosi (BPI) xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi O‘zA.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u boshqarma hisob raqamlariga kiritilgan 321 million 79 ming so‘mni o‘zlashtirgan. Pullar to‘rt nafar tanishining plastik kartochkalariga o‘tkazib, naqd pulga aylantirilib, shaxsiy maqsadlarda foydalanilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining moddalari bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatidagi korxonada gaz portlashi natijasida bir kishi halok bo‘ldi
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida 5-dekabr kuni soat 07:47 atrofida ishlab chiqarish korxonasi hududida gaz portlashi sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Voqea Kim Pen Xva mahallasida joylashgan korxona maʼmuriy binosida sodir boʻlgan.
Portlash oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan va shifoxonaga yotqizilgan. Voqea joyida tergov harakatlari olib borilmoqda.



