$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 27-dekabr voqealari

Qora 27-dekabr

 Toshkentdagi kafeda yong‘in chiqdi

Bugun, 27-dekabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi kafeda yong‘in chiqdi. Bu haqda shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat 00:08 da Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasida joylashgan kafelarning birida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar tushgan.

Shunga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 00:13 da yetib borib, soat 00:23 da yong‘in qurshab olinib, soat 00:40 da o‘chirilgan.

“Hozirda yong‘in sababi va keltirgan zarari aniqlanmoqda. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lgan fuqarolar yo‘q”, deyiladi xabarda.

Toshkent va Andijonda ikki holatda qariyb 700 mln. soʻmlik gaz oʻgʻirlangani aniqlandi

“Oʻzenergoinspeksiya”ning Toshkent va Andijon shaharlari hududiy boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida 696,5 mln. soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan koʻp qavatli turar joy binosining noturar qismida fuqaro M.X. gaz taʼminoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, oʻzboshimchalik bilan 2 dona ikki konturli isitish jihozlaridan noqonuniy ravishda tabiiy gazdan foydalanilgani aniqlangan.

Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu qoidabuzarlik natijasida davlat manfaatlariga 316,5 mln. soʻmlik zarar yetkazgan.

Andijon shahrida oʻtkazilgan nazorat tadbirida esa “R. I.” MChJga qarashli oshxonada hech qanday hujjatlarsiz tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotgani aniqlangan.

Bu qoidabuzarlik hisob-kitob qilinganda davlat manfaatlariga 380 mln. soʻmlik zarar yetkazgani maʼlum boʻlgan.

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Avazbek Ergashev vafot etdi

Andijon viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Avazbek Ergashev 58 yoshida vafot etdi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Avazbek Ergashev 1966-yil Andijonning Oltinkoʻl tumanida tugʻilgan. 1992-yilda Andijon paxtachilik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1983-yilda Oltinkoʻl tumani “Oq-tepa” shirkat xoʻjaligi aʼzosi vazifasidan boshlagan.

1992−2022-yillarda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani “Oq-tepa” shirkat xoʻjaligi aʼzosi, entomolog-agronomi, bosh agronomi, rais oʻrinbosari, Oltinkoʻl tumani qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi urugʻchilik boʻlimi bosh mutaxassisi, Andijon viloyati “Paxta urugʻchilik” birlashmasi raisi, Oʻzbekiston Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Gʻoʻza urugʻchiligi” respublika markazi boshligʻi oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

2006-2020-yillarda Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2020−2022-yillarda Sirdaryo viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifalarida ishlagan.

Avazbek Ergashev 2023-yil aprel oyi oʻrtalarida Andijon viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Namanganda ayol oʻzini ikki farzandi bilan kanalga tashladi

Namangan shahrida ona bir va uch yoshli farzandlari bilan oʻzini kanalga tashladi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

Bildirilishicha, 2024-yilning 20-dekabr kuni Temir koʻchasida yashagan 25 yoshli ayol turmush oʻrtogʻi bilan uzoq muddatdan buyon birga yashab kelmayotgani, oʻzaro oilaviy kelishmovchilik sababli ruhiyatida boʻlgan oʻzgarishi tufayli oʻzi 3 va 1 yashar oʻgʻil farzandlarini Shimoliy Fargʻona kanaliga tashlagan.

Voqeaga guvoh boʻlgan fuqarolar tomonidan ikki nafar voyaga yetmagan bola qutqarib olingan. Koʻrsatilgan tibbiy yordamlar natijasida ularning hayoti saqlab qolingan. Biroq onaning hayotini saqlab qolishni imkoni boʻlmagan.

Oʻsha kuni Namangan viloyat qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan Shimoliy Fargʻona kanalidan 25 yoshli ayol oʻlik holda chiqarib olingan.

Poytaxtda Lacetti turgan joyida yonib ketdi

2024-yilning 27-dekabr kuni soat 08:35 larda Yangihayot tumani “Yangi umid” MFY 2-hudud 46-uy orqa qismida harakatsiz turgan Lacetti rusumli transport vositasida yong‘in kelib chiqqan.

Yong’in tuman FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yongʼin natijasida tan jarohat olganlar boʼlmagan.

Mazkur hodisa yuzasidan YHXB hamda FVB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilib, yongʼin yuzaga kelishining sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Теги :
Jamiyat