$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 25-dekabr voqealari

Qora 26-dekabr

Toshkent va Navoiyda xorijga ishga joylashtirishga va’da berganlar qo‘lga olindi

Xorijiy davlatlarga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Fuqaro A.N. fuqaro S.X.ning ishonchiga kirib, yuqori martabali tanishlari yordamida AQShga ishlashga jo‘natishini va’da qilib, undan 21 ming dollar talab qilgan. Bosh prokuratura departamentining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u so‘ralgan summadan 9 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shu kabi, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida fuqaro M.I. tanishi Yo.Sh.ni Polshada ishga joylashtirish uchun so‘ragan 1000 dollar va 6,3 mln so‘mni olayotganda ushlandi.

“Match TV” jurnalistini zo‘rlagan uch nafar o‘zbekistonlik 9 yilgacha qamaldi

“Match TV” jurnalistini zo‘rlagan uch erkak Moskvada 4 va 9 yilga qamaldi.

Hodisa 6-iyul kuni kechasi Akademik Korolyov ko‘chasida sodir bo‘lgan. Jinoyat qurboni qochib qutilishga muvaffaq bo‘lgan.

Ikki ayblanuvchi 9 yil, uchinchisi 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ayblanuvchilar – O‘zbekiston fuqarolari.

Prokuror jinoyatchilarning hammasi uchun 9,5 yil so‘ragan.

Namanganda 44 ming donadan ziyod pirotexnika vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan huquqni muxofaza qiluvchi boshqa organlar bilan xamkorlikda Pop tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning saloni va yukxonasida 7 turdagi 43 767 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, fuqaroning yashash xonadoni ham tegishli tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 350 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, vaqtincha saqlovga olindi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 44 117 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft mahsulotlari tashiladigan maxfiy tunnel topildi

Qozog‘istonning Turkiston viloyatida jinoiy guruh faoliyati tugatilib, neft mahsulotlari kontrabandasi yo‘lga qo‘yilgan tunnel yo‘q qilindi. Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi tunnel uzunligi 450 metrni tashkil qiladi.

“Ushbu tunnel orqali har kuni 5-7 tonna yoqilg‘i-moylash materiallari yashirincha olib chiqilar edi. Noqonuniy faoliyat ikki oyga yaqin davom etdi”, deyiladi prokuratura xabarida.

Bundan tashqari, noqonuniy olib chiqilayotgan yoqilg‘i uchun O‘zbekistondan pul o‘tkazish sxemasi ham aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, barcha gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

“Transmilliy jinoiy guruh a’zolari Qozog‘iston hududida ham, O‘zbekiston hududida ham qo‘lga olindi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda”, deb xulosa qildi prokuratura.

Теги :
Jamiyat