$
 12902.00
8.93
 13428.40
41.53
 127.60
1.64
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 23-dekabr voqealari

Qora 23-dekabr

Noqonuniy dori vositalarini olib o‘tishda chaqalog‘idan foydalangan ayol ushlandi

Joriy yil 18-dekabr kuni Toshkent viloyatidagi “Gʻishtko‘prik” bojxona nazorat punktida tijorat maqsadi ko‘zlangan tovarlarni nazoratdan yashirib olish o‘tishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.

Achinarlisi, bu safar qoidabuzar sifati kafolatlanmagan dori vositalarini bojxonadan olib o‘tishda 9 oylik go‘dagidan foydalanib kelgan.

Ayol chaqaloqning kiyimlari orasiga bir oyning ichida 32 va 21 dona tegishli sertifikatsiz va sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirib, O‘zbekiston hududiga o‘tishga uringan.

Narkolaboratoriya tashkil qilgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari 15-yilga qamaldi

Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro “Telegram” messenjerida giyohvandlik vositalari sotish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh a’zosi tomonidan gaz pechi ichiga yashirilib, Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan 321 gr. “5F-APINACA” nomli sintetik narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bundan tashqari, u tomonidan Marhamat tumani hududidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan 4 kg. 372 gr. “a-PVP” sintetik narkotik moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, I.I. 13-yil 6 oy va J.S. 15-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qashqadaryoda ko‘mir uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilgan rahbar aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Muborak tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MCHJ rahbari va boshqalar o‘zaro til biriktirib, davlat xususiy sherikchilik bitimiga asosan kuz-qish mavsumida aholini ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ajratilgan mablag‘larning 514,8 mln. so‘mini boshqa maqsadlarga sarflab talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Rossiyada sumka ichidan o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi

Sankt-Peterburgning Nevskiy tumanidagi uylardan birining podvalida ayol jasadi topildi, deb xabar berdi 21-dekabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasining mintaqaviy matbuot xizmati.

“Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 10-dekabr kuni Rossiya hududini tark etib, Vatanga qaytgan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilib, 1 kun oldin, 9-dekabr kuni o‘z hamyurtini, ya’ni uning fuqaroviy rafiqasi bo‘lgan ayolni o‘ldirganini tan olgan”, — deyiladi xabarda.

Erkak jasadni yashirgan aniq manzilni ko‘rsatgan. Ushbu manzil bo‘yicha uy podvalini ko‘zdan kechirish chog‘ida tergovchilar tuproqqa ko‘milgan ayol jasadi bo‘lgan chamadonni topishdi.

Tergov qo‘mitasi “Qotillik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ayolning o‘lim sabablarini aniqroq aniqlash uchun politsiya tekshiruv ishlarini olib bormoqda.

Toshkent shahridagi savdo do‘konida 493,4 mln. so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “K.F.” MCHJga qarashli savdo do‘koni sotuvchisi A.N. xaridorga “Ubbs” nomli tamaki mahsulotini 90 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu savdo do‘konidan tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy bahosi 493,4 mln. so‘mlik turli nomdagi 8 519 quti tamaki hamda 1 328 dona elektron tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Теги :
Jamiyat