$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 21-dekabr voqealari

Qora 21-dekabr

Andijon viloyati hududida yer zilzila sodir bo‘ldi

Episentr: Marhamat tumani. Magnituda M=3,3. Zilzila episentri Toshkentdan 277 km janubi-sharqda.

FVV Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabariga ko‘ra, 21 dekabr kuni O‘zbekiston hududida mahalliy vaqt bilan soat 08:11 da zilzila sodir bo‘ldi.

Episentr: Andijon viloyati, Marhamat tumani. Zilzila koordinatalari: 40,53 gradus shimoliy kenglik; 72,37 gradus sharqiy uzunlik.

Magnituda M=3,3. Chuqurlik 10 km. Zilzila episentri Toshkentdan 277 km janubi-sharqda.

Toshkent viloyatida bir oilaning uch a’zosi vafot etdi

Bo‘stonliqda er-xotin va ularning 8 yoshli farzandi vafot etdi.

Ushbu baxtsiz hodisa joriy yilning 19-dekabr kuni Bo‘stonliq tumani Fazogir ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, 1981-yilda tug‘ilgan erkak S.P. va 1989-yilda tug‘ilgan ayoli S.N. shuningdek, 2016- yilda tug‘ilgan farzandi M.B. yashash xonadonida vafot etgan.

Mutaxassislarning dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, oilaning o‘limi is gazidan zaharlanish oqibatida sodir bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

2020-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxs Turkiyada qo‘lga olindi

U Turkiya va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

O‘g‘rilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan 2020 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan, 1998 y.t. Erkinova Gulruxxon Akmaljon qizi Toshkent shahriga deportatsiya qilindi.

Farg‘ona shahridagi yong‘inda 1 nafar fuqaro vafot etgan

21-dekabr kuni soat 14:13 da Farg‘ona shahar “Mustaqillik” MFY Kimyogar ko‘chasida joylashgan salidor va litol ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi yuzasidan xabar kelib tushgan, deb yozmoqda viloyat FVB.

“Yong‘in qutqaruvchilar hodisa joyiga 14:21 da yetib borib, 14:24 da o‘rab olinib, 14:32 da yong‘in batamom o‘chirilgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqishi sababi va zarari aniqlanmoqda”, – deyiladi xabarda.

Yong‘in oqibatida bir nafar inson voqea joyida vafot etgan.

Toshkentda nogiron bolani kaltaklagan tarbiyachi “hayfsan” oldi

Avvalroq, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida bog‘cha tarbiyalanuvchisi bog‘cha opasi tomonidan kaltaklangani haqida xabar berilgandi. Nogiron bolani kaltaklagan ushbu tarbiyachiga “hayfsan” berildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 17-dekabr kuni S.S ismli ayol 2020-yilda tug‘ilgan farzandi MTMda tarbiyachi tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Murojaat asosida joriy yilning 22-noyabr kuni videokameradagi qaydlar tekshiruvi asosida Olmaliq shahridagi 19-sonli maktabgacha ta’lim muasasasi tarbiyachisi D.Q.ning 4 yoshli S.A. ismli o‘g‘il bola tarbiyalanuvchiga tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, voyaga yetmagan S.A.ga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Kasbiy majburiyatlarini buzgan tarbiyachi D.Q.ga esa “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llangan.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvi natijasi asosida holatga huquqiy baho berilishi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

O‘zbekistonliklarni olib ketayotgan avtobus Qozog‘istondagi trassada qolib ketdi

21-dekabrga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatidagi trassada ichida 50 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan avtobus buzilib qoldi. Bu haqda “ORDA” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Samara-Chimkent yo‘lining Irgiz tumanidan o‘tgan qismida yo‘lovchi avtobusning buzilishi oqibatida odamlar kuchli sovuqda qolib ketgan. Ularning 46 nafari O‘zbekiston fuqarolari, yana 6 nafari Tojikiston fuqarolaridir.

Biroz muddat yo‘lovchilar kuchli sovuqda qolgan. Keyinchalik ular Irgiz tumanidagi issiq boshpanaga yuborilgan. 

Qashqadaryoda aholining gazballonlarini o‘g‘irlayotgan chilangar-ta’minotchi ushlandi

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida aholiga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 100 dona maishiy gaz ballonlarni talon-toroj qilayotganlar ushlandi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida suyultirilgan gaz ta’minotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilgan.

Joriy yilning 12-dekabr kuni tuman suyultirilgan gaz xizmati chilangar-ta’minotchisi N.B. hamda maxsus avtotransport vositasi haydovchisi A.N. “Tog‘aytemir” MFY iste’molchilariga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 100 dona maishiy gaz ballonlarni mazkur mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro B.X. ning xonadonida tashkil etilgan “bunker”ga tushirayotgani aniqlangan. Xonadon ko‘zdan kechirilganda olib kelingan ballonlardan tashqari yana 101 ta bo‘sh maishiy gaz ballonlar borligi ma’lum bo‘lgan.

Теги :
Jamiyat