$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 2-dekabr voqealari

Qora 2-dekabr

Prokuratura tergovchisi pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahar Olmazor tuman prokuraturasi katta tergovchisi S. ga nisbatan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilganida u kelishilgan 30.000 AQSh dollaridan 20.000 AQSh dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tergovchiga nisbatan JKning 210-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Andijonda ikki firibgar yigirmadan ortiq ta’lim va tibbiyot xodimlarini chuv tushirdi

Andijonda 25 nafar ta’lim va tibbiyot xodimlarini chuv tushirgan firibgarlar 7 yilga qamaldi.

“Ovoza” informatsion dasturida aytilishicha, muqaddam sudlangan andijonlik ikki yigit o‘zaro jinoiy til biriktirib, Andijon va Jizzax viloyatlaridagi maktab va tibbiyot muassasalariga borib, ishchi-xodimlarga muddatli to‘lov evaziga idish-tovoq sotish bilan shug‘ullanib kelishgan. Biroq ularning asl niyati boshqa bo‘lib, ular arzimagan pul evaziga idish-tovoq sotish ortidan odamlarni chuv tushirib ularning nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib kelishgan.

Xabarda aytilishicha, ularning firibgarliklari ortidan odamlar 5 mln. so‘mdan 80 mln. so‘mgacha banklardan qarzdor bo‘lib qolishgan.

Samarqandda uyida ilon saqlagan erkak aniqlandi

Ishtixon tumanida yashovchi fuqaro B.M Xalqaro qizil kitobga kiritilgan Yo‘lbars pitonini saqlab kelib, ta’lim maskanlarida tomoshalar qo‘yib yurgani aniqlandi.

Mazkur holat tuman IIB tomonidan aniqlangan va Samarqand viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga xabar berilgan.

Boshqarma xodimlari holat yuzasidan tezkor o‘rganish o‘tkazishi jarayonida mazkur Yo‘lbars pitoni uzunligi 2,78 metr eni 28 sm ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda Yo‘lbars pitoni Samarqand viloyat Ekologiya boshqarmasi himoyasiga olinib, Zarafshon milliy tabiat bog‘i reabilitatsiya markazida bog‘ mutaxassislari tomonidan maxsus ko‘rikdan o‘tkazilmoqda va vaqtincha saqlanmoqda.

Toshkentda yigit voyaga yetmagan qizga shilqimlik qildi

30-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi binosida bo’lib o’tgan ochiq sud majlisida huquqbuzarlik sodir etishda gumonlangan J.Sh.ga oid sud ishi ko‘rib chiqildi.

“Huquqbuzar J.Sh. joriy yil 26-noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Tamaraxonim ko‘chasi, 1-uy oldida o‘ziga notanish bo‘lgan qizning orqasidan kuzatib kelib, yon atrofda hech kim yo‘qligidan foydalanib, orqa tomonidan, ya’ni bel sohasidan quchoqlab, o‘pishga harakat qilishda ifodalangan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir qilgan”, – deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng, voyaga yetmagan jabrlanuvchi A.X. (qiz bola) qarshilik ko‘rsatib, yordamga chaqirganligi natijasida u voqea joyidan qochib ketganligi aniqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi J.Sh. MJtKning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga shu modda bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Aksiz markasiz tamaki mahsulorlarini 1 600 AQSH dollariga sotayotgan shaxs ushlandi

Beshariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan F.R. fuqaro M.X.ga xorijda ishlab chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan markalanmagan “Milano”, “Esse change” va “Oris change” nomli jami 3 000 quti tamaki mahsulotini 1 600 AQSH dollariga sotgan vaqtida dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Buxoroda salkam 54 mln. so‘mlik pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan viloyati ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Buxoro shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tezkor tadbirda oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mazkur transport vositasi yukxonasiga xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 14,4 ming dona petarda va 112 dona salyutlar ortilgani aniqlandi.

Vaqtincha saqlovga olingan mazkur pirotxenika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra salkam 54 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Теги :
Jamiyat