$
 12809.05
22.07
 13765.89
12.21
 130.56
0.29
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 8-noyabr voqealari

Qora 8-noyabr

Tracker-2 rusumli transport vositasi yonib ketdi

8-noyabr kuni soat 10:43 larda Mirzo Ulug’bek tumani Yangi O’zbekiston ko’chasida Tracker-2 rusumli transport vositasida yong'in kelib chiqqan. 

Yong’in tuman FVB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yongʼin natijasida tan jarohat olganlar boʼlmagan.

Mazkur hodisa yuzasidan YHXB hamda FVB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilib, yongʼin yuzaga kelishining sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Fuqaro ko’p yillik chinor daraxtini kesish orqali tabiatga 199 mln. zarar yetkazdi

Toshkent viloyati Yangiyoʼl tumanida o’tkazilgan reyd davomida tumanning Xalqabod MFY, Oʼzbekiston koʼchasida 1 tup koʼp yillik chinor daraxti tag qismidan kesilganligi hamda yana 1 tup koʼp yillik chinor daraxtiga qasddan shikast yetkazilganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan tezkor surishtiruv oʼtkazilib, huquqbuzarlik Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Gavhar koʼchasida yashovchi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilganligi ma’lum bo’ldi. U “Oʼsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʼgʼrisida”gi Qonunning tegishli moddalari talablarini buzgan va tabiatga 199 million so’mdan ortiq zarar yetkazgan.

Chorvoqda gidrotsikli bilan ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan shaxsga hukm o‘qildi

Joriy yilning 20-iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chorbog‘ suv ombori”da gidrotsikli bilan ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan 19 yoshli Q.F.ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tumani sudida hukm o‘qildi

Jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakillari sudda sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, qasddan qilmaganligini inobatga olgan holda, imkoni bo‘lsa uni qamoqdan chiqarib yuborishni aytib ko‘rsatuv bergan.

Sud, sudlanuvchi F.Q. ning sodir etilgan jinoyatini O‘zbekiston Respublikasi JK 260-moddasining 3-qismi «a» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan va ushbu moddalar bo‘yicha aybdor deb topdi.

Unga JKning ushbu moddasi bilan 3 (uch) yil ozodlikdan maxrum qilish jazosi tayinlandi.

Farg‘onada 3000 dan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalar qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “O‘zbekiston” chegara bojxona posti va Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan post orqali qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazildi. Yuk avtotransport vositasida hujjatlarda chorva mollari borligi qayd etilgan bo‘lsada, avtotransport vositasining yon bo‘lmasida qutilarda hujjatlarda ko‘rsatilmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan tovarlar mavjudligi aniqlanib ko‘zdan kechirildi. Natijada, qutilarda xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan jami 1393 dona “tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

“Yana bir shunga o‘xshash holatda boshqarmaning “Rishton” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi haydovchi tomonidan avtotransport vositasida deklaratsiyalanmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan tovarlar mavjud emasligi ma’lum qilinganidan so‘ng bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, avtotransport vositasining old kapoti ichidagi xufiya qismiga 199 konvalyutada jami 1993 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirincha olib o‘tilayotganligi aniqlandi”, – deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan bojxona ko‘riklari natijasida 2 turdagi jami 3400 donaga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini chetdan noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. Ushbu dori vositalarining “qora bozor”dagi narxi 585 mln. so‘mni tashkil etmoqda.

“Kofe mahsulotlari” tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aniqlandi

O‘zbekiston hududiga, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona post orqali piyoda holda kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, og‘zaki so‘rovda taqdim etilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 14 dona ko‘k rangli paketlarga solingan “ozdiruvchi kofe mahsulotlari” borligi aniqlandi.

Bojxona qo‘mitasi Markaziy laboratoriyasining xulosasiga ko‘ra, jami 3 221, 36 gramm bo‘lgan vazn yo‘qotish uchun mo‘ljallangan “kofe mahsulotlari” tarkibida “sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi.

Qizil kitobdagi baliqlarni ovlaganlar tabiatga 1 mlrd so‘m zarar yetkazdi

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida noqonuniy ov oqibatida tabiatga katta miqdorda zarar yetkazildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Tungi nazorat reyd tadbirida Jondor tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro elektr qarmoq yordamida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 20 dona Turkiston mo‘ylovdorini, shuningdek, 25 dona zog‘orabaliqni ovlagani aniqlangan. Ular baliqlarni olib ketayotganida tezkor guruh xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 1 milliard 603 million 125 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Теги :
Jamiyat