$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-noyabr voqealari

Qora 28-noyabr

 Korxonaning 6,4 mlrd. so‘mini qimorda yutqazgan hisobchi ushlandi

Samarqandda korxonalardan birining hisobchisi tomonidan katta miqdordagi pul o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holat fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departamentning Samarqand shahar boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlari huquqlarini himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Ph.l. korxonasida hisobchi bo‘lib ishlagan B.M. ushlangan. Aniqlanishicha, u bank elektron kalitlaridan foydalanib, MCHJning 6,4 milliard so‘m mablag‘ini soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirish orqali o‘zining nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib olishga erishib, ushbu mablag‘larni internet tarmoqlaridagi qimor o‘yinlarida yutqazib, talon-toroj qilgan.

Buxoroda gaz portlashi oqibatida 2 kishi vafot etdi

Buxoro viloyati Jondor tumanidagi xonadonlarning birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida bir oilaning 2 a’zosi vafot etdi. Yana 2 nafari kuyish tan jarohatini olishgan.

Voqea yilning 17-noyabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan. Oilaning 41 yoshli boshlig‘i harbiy xizmatchi bo‘lib, Jizzax viloyatida ishlab kelgan.

Hodisa oqibatida oila boshlig‘i va uning turmush o‘rtog‘i vafot etgan. Oilaning 4 nafar farzandi bo‘lib, ulardan 2 nafari (qizlar) kuyish jarohatini olgan.

Kredit olish uchun o‘zini militsiya xodimi sifatida ko‘rsatgan shaxs qo‘lga olindi

Qashqadaryo viloyatida o‘zini ichki ishlar xodimi sifatida tanishtirgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda viloyat IIB.

Hodisa G‘uzor va Qamashi tumanlarida sodir bo‘lgan. Huquqbuzar ichki ishlar organi xodimi kiyimini kiyib, o‘zini katta leytenant sifatida tanishtirib, fuqarolar ishonchini qozongan, so‘ngra ularning nomiga bank kartalari va kreditlar rasmiylashtirib, olingan mablag‘larni o‘zlashtirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak ikki fuqaroni aldab, 22 million so‘m pulini o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. U qo‘lga olinib, formasi olib qo‘yilib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

8 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan tutib keltirildi

O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, 8 yildan buyon O‘zbekiston IVV tomonidan qidiruvda bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bergan xabarga ko‘ra, 44 yoshli Tursuntosh Qodirova ayni paytda Toshkent shahriga deportatsiya qilingan.

“Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoxud ichki ishlar organlarining quyi hududiy bo‘linmalariga murojaat qilish so‘raladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Теги :
Jamiyat