$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 22-noyabr voqealari

22.11.qora

Olmaliqda “Toshkent viloyati suv taʼminoti” mutaxassisi pora olayotganda ushlandi

Olmaliq shahri va Yangiyo‘l tumanida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Jumladan, “Toshkent viloyati suv taʼminoti” AJ Abonentlar boshqarmasi mutaxassisi X.A. Olmaliq shahrida joylashgan oilaviy poliklinikadagi suv hisoblagich uskunasining tamg‘asi buzilganligi holati bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani va qayta hisoblangan 204 mln so‘m zararni o‘z hamkasbi orqali bartaraf qilib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 1600 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Shuningdek, ushbu ishga aloqador bo‘lgan AJ Abonentlar boshqarmasining yana bir mutaxassisi A.A. o‘z xizmati uchun ushbu pul mablag‘idan 1300 dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Yangiyo‘l tumanida yashovchi muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan jinoyati uchun hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 1983-yilda tug‘ilgan A.S. ham qo‘lga olindi.

U 2021-yilning iyun oyida onlayn-auksion orqali o‘ziga va 6 nafar qarindoshiga dehqonchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan 2,7 gektar yer maydonini 1979-y.t. I.K. bilan til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

Buning evaziga 40 ming dollar talab qilib, oldindan 5 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent tumanidagi sexda yong‘in sodir bo‘ldi

Toshkent viloyati FVBga 22-noyabr kuni soat 11:43 da Toshkent tumani, “Obodlik” MFY, Oybek ko‘chasida joylashgan MCHJlarning biriga qarashli binoda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushdi.

Yong‘in joyiga 7 ta yong‘in o‘chirish ekipaji jalb qilingan. Ekipajlar yong‘in joyiga soat 11:50 da yetib borib, yong‘in soat 13:30 da to‘liq o‘chirilgan. 

Hozirda sodir bo‘lgan yong‘inning kelib chiqishi sababini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va vafot etganlar yo‘q.

Toshkent viloyatidagi 50-maktabning 9-sinf o‘quvchisi bir nechta o‘quvchilar tomonidan ayovsiz kaltaklandi

O‘rtachirchiq tumani 50-sonli maktabda bo‘lgan zo‘ravonlik oqibatida jabrlanuvchining burni singan va tibbiyot muassasaga murojaat qilgan.

Joriy yilning 19-noyabr kuni Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani 50-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi S.A. o‘zi bilan parallel sinfda o‘qiydigan 5-6 nafar boshqa sinfdagi o‘quvchilar tomonidan ayovsiz kaltaklangani va buning natijasida burun sohasida sinish holatlari kuzatilgani aytilmoqda.

Ushbu zo‘ravonlik bo‘yicha jabrlanuvchi o‘quvchining o‘zi holatni quyidagicha bayon etdi.

“Jismoniy tarbiya darsida sport zalda o‘zim bilan birga bir maktabda o‘qiydigan 9-sinf bollariga qarshi voleybol o‘ynayotgan edik. Biz ko‘p yutganimizni ular ko‘rolmadi va o‘yin vaqtida menga nisbatan biroz keskin o‘ynashdi. Shundan so‘ng men ularga to‘g‘ri o‘ynaylik deganimda musht kelib tushdi va ko‘pchilik urib tashlashdi. U yerda men tanigan bollar bor edi. Tashqariga chiqib yuzimni yuvmoqchi bo‘lganimda ham kelib yana urishdi. Ular ko‘pchilik bo‘lishgani uchun men hech narsa qilolmadim”, - dedi jabrlanuvchi.

Ayni vaqtda tuman IIO tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ta’lim vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilgan sobiq deputat Kobul Dusovning ozodligi 1 yilga cheklandi

22-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bloger va sobiq deputat Kobul Dusovga oid ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, sobiq deputat ustidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev jabrlanuvchi sifatida ariza bergan. Bu haqda bloger Kobul Dusov ham o‘zining Telegram kanalida post yozgan. U yana bir qator postlarida ham senator haqida so‘zlab, uning faoliyati to‘g‘risida haqoratomuz so‘zlar ishlatgan.

Sud blogerni Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi “a” bandida (Jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

“Sud sudlanuvchining jinoyat sodir etishdagi aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan tashqari, jinoyat ishida to‘plangan dalillar bilan, ya’ni jabrlanuvchilarning arizasi, tushuntirish xatlari, guvohlarning ko‘rsatmalari, sudga doir lingvistik ekspertizalar xulosalari, yozuvlar skrinshoti, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Kabul Dusov“ nomli profilni va Telegram messenjeridagi Kobul Dusov | RASMIY KANAL nomli kanalni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, sudga doir kompleks ekspertizalar xulosalari hamda jinoyat ishi bo‘yicha barcha to‘plangan, tekshirilgan, ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholangan dalillar bilan to‘liq isbotlangan deb hisobladi”, — deyiladi Oliy sud xabarida. Keltirilishicha, Kobul Dusov sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklanadi va unga qo‘shimcha ravishda internetdan foydalanolmaydi, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaydi, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turadi. Shuningdek, mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaydi.

Oliy sud birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligini eslatdi.