$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 16-noyabr voqealari

Qora 16-noyabr

Toshkentda tunda Malibu qarama-qarshi yo‘nalishlar o‘rtasidagi temir ustunga, Cobalt esa daraxtga urildi

Toshkent shahrida Malibu-2 qarama-qarshi yo‘nalishlar o‘rtasidagi temir ustunga urildi. Bu haqda shahar IIBB xabar qildi.

2024-yilning 16-noyabr kuni soat 00:10 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko‘chasi 50-uy qarshisida, haydovchi 2004-yilda tug‘ilgan Sh. M. Malibu-2 avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir ustunga to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida avtomashina haydovchisi va 2004-yilda tug‘ilgan yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 15-noyabr kuni soat 22:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘ G‘ulomov ko‘chasi 8/1-uy qarshisida haydovchi 1988-yilda tug‘ilgan D.A. Cobalt avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga to‘qnashishi oqibatida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.

YTH oqibatida haydovchi olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Poliklinikada ro‘yxatni jinslarga ajratib shakllantirgan shifokorga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada ro‘yxatxona erkaklar va ayollar uchun deb ajratilganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 84 ta oilaviy va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalar faoliyat yuritadi. Har bir poliklinikalarda elektron ro‘yxatxonalar tashkil etilgan. Poliklinikalarga tashrif buyuruvchi har qanday fuqaro yagona elektron ro‘yxatxona orqali shifokor qabuliga kiradi.

Bugungi kunda Sog‘liqni saqlash vazirligining hech qanday buyruq va talablarida ro‘yxatxonalar jinsga (erkak va ayol) qarab ajratilsin degan so‘zlar keltirilmagan va bunday buyruq ham chiqarilmagan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, poliklinikada asossiz yozuvni ro‘yxatxonaga yopishtirgan bosh shifokorga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Kelgusida bu kabi holtalar qaytarilmasligi uchun, poytaxtdagi har bir oilaviy va markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika bosh shifokorlari ogohlantirildi.

Tog‘a 5 nafar jiyanini oddiy sabab uchun xipchin bilan savalagan

14-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Yosh bolani xipchin bilan savaladi” sarlavhasi ostida videoxabar tarqalgan edi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Ombudsman ma’lumotlariga ko’ra, holat Ichki ishlar organlari tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, bir necha kun davomida o‘tkazilgan tekshiruv choralari natijasida ushbu videolavha Tojikiston Respublikasi “Xatlon viloyati, Regar tumanida olinganligi, mazkur voyaga yetmagan bolalarning onasi ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasiga ketganligi, bolalar tog‘asining qaramog‘ida qolib tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganligi ma’lum bo‘lgan.

Bu zo‘ravonlik holatiga Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan huquqiy baho berilmoqda.

5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida fuqaro tomonidan ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi.

Maʼlum qilinishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yangiyo‘l tumani Bunyodkor mahallasida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Jarayonda mahalla hududida fuqaro B.N. tomonidan 5 tup daraxt – 2 tup qayrag‘och va 3 tup yong‘oq hech qanday ruxsatnomasiz kesib tashlanganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 533 mln. so‘m deb baholangan.

Holatga bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Tegishli hujjatlarsiz olib ketilayotgan “Iphone 16 pro” telefonlari Soliq inspeksiyasi xodimlariga topshirildi

16-noyabr kuni soat 03:35 larda “Namangan” YPX maskanida YHXX “Qamchiq” dovoni bo‘yicha YPX otryadi xodimlari tomonidan “Vodiy-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelgan haydovchi, 1986 yilda tug‘ilgan Z.I. boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda, transport vositasining salonida jami 12 dona “Iphone 16 pro” telefon qurilmalari olib ketilayotganligi, ushbu qurilmalarga oid tegishli hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan.

Holat yuzasidan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qurilmalar hamda fuqaro Z.I. Pop tumani Soliq inspeksiyasi xodimlariga surishtiruv ishlarini davom ettirishlik uchun topshirilgan.


Теги :
Jamiyat