$
 12800.13
-7.9
 13467.02
-145.35
 129.02
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 15-noyabr voqealari

Qora 15-noyabr

 Samarqandda diniy ekstremistik materiallarni tarqatgan 19 yoshli yigit qamaldi

Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi yigit diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun sudlandi.

Taʼkidlanishicha, u Telegram‘da guruh ochib, internetdan yuklab olingan diniy mazmundagi musiqalarni joylab borgan. Ushbu guruhga qariyb 1,5 yil davomida ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan nashidalar yuborilgan.

Sudlanuvchi tomonidan yuritib kelingan guruh ko‘zdan kechirilganda, unda 5 ta diniy mazmundagi nashidalar borligi va ularning barchasi yigitga tegishli telefondan yuborilgani aniqlangan. Sud qarori bilan unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Toshkentda qiymati 13 ming dollarlik antibiotiklarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent shahrida 13 ming dollarlik dori vositalarini noqonuniy sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Boshqarma xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 199 million so‘mlik 10 ming quti “Levomer” (levofloksatsin) antibiotigini sotishga urinishning oldi olindi. Fuqaro N.K va boshqalar fuqaro M.X.ga dori vositalarini 13 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, dori vositalari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar bo‘lmagan.

Qashqadaryoda qadimiy tangalarni noqonuniy olib chiqishga chek qo‘yildi

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari Buxoro amirligi davridagi qadimiy tangalarni olib chiqishni to‘xtatdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.

“Qarshi aeroporti” chegara bojxona posti orqali “Qarshi-Moskva” reysi bilan uchib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro X.K.ga tegishli qo‘l yuki va bagajini rentgen tekshiruvidan o‘tkazish chog‘ida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan va bojxona deklaratsiyasidа aks ettirilmagan turli xil metall tangalar topildi. Ta’kidlanishicha, ushbu tangalar bundan 50 yil avval zarb qilingan bo’lib, 116 dona tashkil qiladi.

Musodara qilingan qadimiy tangalar Qashqadaryo viloyati tarix va madaniyat davlat muzeyiga topshirildi. Madaniy meros agentligining tegishli xulosasida qayd etilishicha, ular orasida Buxoro amirligi davrida zarb qilingan tangalar ham bor.

5 kishini o‘ldirganlikda gumonlanayotgan shaxsning sud ishi boshlandi

Joriy yilning 27-iyul kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 5 nafar shaxsni qasddan o‘ldirishda gumonlanayotgan shaxs protsessual tartibda ushlangani va holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani xabar qilingan edi.

Bugun Toshkent viloyati sudida Jinoyat kodeksining 97 (qasddan odam o‘ldirish), 118 (nomusga tegish), 134 (qabrni tahqirlash), 164 (bosqinchilik) va 173 (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Z. S. ga (erkak, 1995-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Energiya resurslaridan qarzdorlikni yo‘q qilib berishni va’da qilgan gazchi va hisobchi ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulung‘ur tumani bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bulung‘ur tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi mahallada ishlash xizmati gazchisi S.X. fuqaro M.B.ning xonadonida ko‘rik davomida tabiiy gaz ta’minotidan aniqlangan 1,6 mln. so‘m zararni 14 mln. so‘m ekanligini aytib, go‘yoki ushbu zarar miqdorini kamaytirib berishi evaziga M.B.dan 4,4 mln. so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Olmaliq shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Olmaliq shahar ETK hisobchisi Z.A. fuqaro D.N.ning “Do‘stlik” MFYdagi uyining elektr ta’minotidan 5 mln so‘m qarzdorligini yo‘q qilib berishi evaziga 3 mln. so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Теги :
Jamiyat