$
 12808.03
14.65
 13612.37
16.85
 130.15
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qora dayjest”: 2024-yil 14-noyabr voqealari

Qora 14-noyabr

 Shahrisabzda iste’molga yaroqsiz 100 litr yog‘ ashyoviy dalil sifatida olingan

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning xabar berishicha, Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Uymovut” MFYda yashovchi fuqaro o‘z uyining yordamchi xonasida tashkil etgan yashirin sexda yog‘ ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlangan. Tekshiruvalar davomida 100 litr iste’molga yaroqsiz yog‘, 118 kg. chigit, 2 dona juvoz uskunasi va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Sirdaryoda haydovchidan pora talab qilgan katta inspektor 4 yilga qamaldi

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda YHXX katta inspektori YTH yuz bergan joyga yetib borgan. U hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirib, yo‘lovchilardan biri olgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasini tayinlagan va haydovchining boshqaruvidagi mashinani shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirgan. Oradan 4-5 kun o‘tgach, haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan.

Natijada u YTH sodir etilgan bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga haydovchidan 400 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan.

Haydovchi xodimning bu taklifiga rozi bo‘lmasdan va o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori o‘z xizmat xonasida 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, u JKning 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topib, 3 yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Chirchiqda YTHga uchragan ikki “Matiz”dan dramatik yakun

14-noyabr, payshanba kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahar Alisher Navoiy ko‘chasida haydovchilar 1989-yilda tug‘ilgan Q.B va 1990-yilda tug‘ilgan X.M lar “Matiz” rusumli transport vositalarida Chirchiq-Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelib, bir biriga urilib ketgan.

Natijada avtomobillar bir-biriga suyanib, tik holatga kelib qolgan.

Chirchiq shahar IIB YHXB bergan ma’lumotga ko‘ra, YTHda hech kim tan jarohati olmagan.

Samarqandda avtobus maktab yonida o‘quvchini urib yubordi

Bugun, 14-noyabr kuni Samarqand viloyatida yo‘lovchi avtobus voyaga yetmagan piyodani urib yubordi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi harakati xabar berdi.

Qayd etilishicha, soat taxminan 08:00 larda Samarqand shahar Kamoliddin Behzod mahallasi hududidan o‘tuvchi A.Temur ko‘chasida haydovchi F.S. boshqaruvida bo‘lgan Isuzu rusumli jamoat transportini boshqarib borib, Samarqand shahar XTBga qarashli 12-sonli umumta’lim maktabi yaqinida yo‘lni o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodani urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda voqea joyida vafot etgan.

Aeroportda ishga joylashtirish evaziga 1500 dollar pora olgan xodim qo‘lga olindi

Toshkent viloyati huquq-tartibot organlari tomonidan I.Karimov nomidagi xalqaro aeroportda firibgarlik holati fosh etildi. Aeroport xodimi R.M. fuqarolarni ishga joylashtirish bahonasida 1,5 ming AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Ayni paytda ayblanuvchi qamoqqa olinib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, pora bermoqchi bo‘lgan jabrlanuvchi ham o‘z harakatlari yuzasidan sudga tushuntirish berishi talab etiladi.

Теги :
Jamiyat