Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +8°

“Oʻzbekneftgaz”ning sof foydasi keskin pasaydi

"Oʻzbekneftgaz" AJ 2023-yil yakunlari boʻyicha alohida va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarini e'lon qildi.

3 daqiqa o‘qiladi

“Oʻzbekneftgaz”ning sof foydasi keskin pasaydi

2023-yil yakunlari boʻyicha “Oʻzbekneftgaz”ning sof foydasi 2 trln 853 mlrd soʻmdan 628 mlrd soʻmgacha yoki 4,5 barobardan koʻproqqa kamaydi. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashuviga kurs farqidagi yoʻqotishlar va foiz toʻlovlarini oʻz ichiga oladigan moliyaviy xarajatlar ta'sir oʻtkazgan.

Muhim jihatlar

Moliyachi Otabek Bakirov "Oʻzbekneftgaz" AJning hisobotidagi muhim jihatlarni sanab oʻtdi.

“2023-yil yakunlari boʻyicha “Oʻzbekneftgaz”ning alohida va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari tubga inayotgan monopolistning ahvoli yanada ogʻirlashganini koʻrsatadi”, - deydi u.

Likvidlik kamayib, debitor qarzlar oshgan

Likvidlik keskin kamaygan. Pul mablagʻlari qoldigʻi 2 trln 487 mlrd soʻmdan 960 mlrd soʻmgacha qisqargan.

Debitor qarzlar ortgan. Debitorlar jami 3 trln 905 mlrd soʻmdan 5 trln 265 mlrd soʻmgacha yetgan. Debitorlar ortganiga qaramay, yoʻqotishlar uchun zaxiralar kamaygan.

“Oʻztransgaz”ning “Uz-Kor Gas Chemical” oldidagi “Oʻzbekneftgaz” boʻyniga ilingan qarzi boʻyicha may oyida ochilib qolgan bitimi aslida oʻtgan yili yuz bergani ma'lum boʻldi. Shuning uchun balansda 9 trln 143 mlrd soʻmlik qoplanadigan aktiv paydo boʻlgan (majburiyatlarda ham).

Affillangan tomonlarning “Oʻzbekneftgaz”ga qarzi (yana “Uz-Kor Gas Chemical”, “Natural Gas Stream”, “Oʻztransgaz” bilan bogʻliq) 707 mlrd soʻmdan 7 trln 558 mlrd soʻmga yetgan.

Uzoq muddatli 32 trln 627 mlrd soʻmlik qarz

“Sotiladigan aktivlar qiymati 1 trln 811 mlrd soʻmdan 4 trln 887 mlrd soʻmga yetgan. Ushbu keskin oshish yana oʻsha Saneg uchun sovgʻa qilingan Shoʻrtan 2 loyihasi bilan bogʻliq. Qanday qilib 1,8 trln soʻmlik aktiv 4,9 trln soʻmgacha shishib qolgani boʻyicha auditor tafsilotlarni keltirmagan (mazkur loyiha balki 5 mlrd dollargacha shishirilgan MTOning bir ulushiga aylangan boʻlishi kerak).

Qisqa va uzoq muddatli qarzlar keskin oshgan. Uzoq muddatli 32 trln 627 mlrd soʻmlik qarzning 8 trln 661 mlrd soʻmlik qismi joriy yilda soʻndirilishi kerak. Kreditorlar oʻrnida boʻlganimda men xavotirga tushgan boʻlardim”, - dedi iqtisodchi.

“Oʻzbekneftgaz” soʻmda 26 foizdan, valyutada 13 foizgacha qarz olishga oʻtgan. Monopolistning shu holatiga 2024 yilning may oyida OʻzSQB, Hamkorbank va KDB banklar 57 mln dollar kredit bergan.

 Boshqa majburiyatlar roʻyxatida 10 trln 39 mlrd soʻmlik Air Products bilan bogʻliq qarzdorlik paydo boʻlgan.

Sof foyda 2 trln 853 mlrd soʻmdan 628 mlrd soʻmgacha kamaydi

“ GTL “Oʻzbekneftgaz”ning pul oqimlari va majburiyatlari boʻyicha eng asosiy aktivi boʻlishiga qaramay, uning koʻrayotgan zarari 2 yildan beri alohida aks ettirilayotgani yoʻq (va boshqalar qatorida). Bu auditorning qamrov darajasiga savollar tugʻdirmasligi mumkin emas, ertaga kreditorlar undiruv bilan bogʻliq muammolarga duch kelganida, e'tirozlar auditorni chetlab oʻtmaydi.

Konsolidatsiyalashgan hisobot boʻyicha “Oʻzbekneftgaz”ning sof foydasi 4,5 barobardan ziyod 2 trln 853 mlrd soʻmdan 628 mlrd soʻmgacha kamaygan. Moliyaviy natijalarning keskin yomonlashuvi kurs farqidagi ulkan yoʻqotishlar (1 trln 193 mlrd soʻmdan 4 trln 217 mlrd soʻmngacha) va foiz toʻlovlarini oʻz ichiga oladigan moliyaviy xarajatlar (2 trln 694 mlrd soʻmdan 4 trln 430 mlrd soʻmgacha) oshgani fonida yuz bergan.

Bunday natijalar bilan “Oʻzbekneftgaz davlat qoʻllovi mavjudligi bahonasida reytingini saqlab qoladimi yoki pasaytiriladimi, yaqin oylarda bilib olamiz”, - deya yozadi Otabek Bakirov.