“Navoiyazot” narxlarni sunʼiy oshirish yo‘li bilan katta miqdorda “soqqa” qilgan
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Navoiyazot” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja savdolari orqali realizatsiya qilinishida narx manipulyatsiyalari holatlari aniqlandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Narxlarni sunʼiy oshirish yo‘li bilan katta miqdorda daromad olgan “Navoiyazot” AJga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Narx manipulyatsiyalari holatlari
Unga ko‘ra, qo‘mita tomonidan mineral o‘g‘itlar bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan “Navoiyazot” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja savdolari orqali realizatsiya qilinishida narx manipulyatsiyalari holatlari aniqlangan.
Narxlar o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshgan
Maʼlum qilinishicha, jamiyat tomonidan 2021—2023-yillarda mineral o‘g‘it (karbamid, sulfat ammoniya, superfosfat), polivinilxlorid (PVX) va formalin) “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun hamda hukumat qarori talablariga zid holda mahsulotlarini tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda jami 57 209 tonna mahsulot birja savdolariga qo‘yilmasligi oqibatida taklifning sunʼiy ravishda kamaytirilishi natijasida narxlar o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshgan.
20,5 mlrd. so‘m asossiz daromad
Mazkur huquqbuzarliklar natijasida jamiyat tomonidan jami 20,5 mlrd. so‘m asossiz daromad olingan.
Mazkur qonun talablari buzilishi holatlari yuzasidan qo‘mita tomonidan “Navoiyazot” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishini bartaraf etish va kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.



