$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

“Nasaf” qanday qilib chempion bo‘ldi?

Nasaf

1-noyabr kuni Superliga 23-turi doirasida Qarshining “Nasaf” futbol klubi safarda “Lokomotiv”ni mag‘lub etib, muddatdan avval o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari bu natija orqali Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi matbuot anjumanida ishtirok etib, chempionlik yo'li va sababini ochiqladi

Matbuot anjumani

Bugungi tarixiy g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman. Bugungi uchrashuv "Lokomotiv" jamoasi uchun ham juda zarur edi. Bizdan ham ularga ko‘proq ochko kerak edi. Ularni katta ishtiyoq bilan harakat qilishini bilar edik. Shunga qaramay, birinchi bo‘limda vaziyatlarimizdan foydalana olmadik. Raqib bir kishi kam bo‘lib qolgach, vaziyatimiz yaxshilandi. Ba’zida, Akmal hujumga qo‘shilib turadi. U bir necha bor bu ishni ko‘rsatgan edi. U muhim golni urdi.

Chempionlik uchun qanday mukofot e’lon qilingan?

Bu borada hech qanday aniq ma’lumot yo‘q, ammo rahbariyat yetarlicha e’tibor qaratadi. Hech bir futbolchining mehnati past baholanmasligi va rag‘batlantirilishi aytildi. Rahbariyat bizni ishontirdi va ular biz kutmagan narsalarni aytishdi. Yigitlarning bu tarixiy g‘alabasi munosib rag‘batlantiriladi.

"Nasaf" bilan avval ham chempionlik uchun da’vogarlik qilgansiz, ammo natija bo‘lmagan edi. Bu yil nimani o‘zgartirdingiz?

Birinchi navbatda aniq reja asosida harakat qildik. Rahbariyat va homiylar e’tiborini oshirish orqali bizga kerakli sharoitlarni yaratib berdi. Shuningdek, o‘yinimizga ham jiddiy yondashdik. Qolaversa, raqobatchilarimizning ochko yo‘qotishi ham bizga qo‘l keldi. O‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa ko‘plab faktorlar ta’sir qildi.

"Nasaf"ning qaysi ampluasi chempionlik uchun asosiy rolni ijro etdi?

Javob berish qiyin savol. Jamoa sifatida barcha g‘alabaga hissa qo‘shdi. Agar chempionatning eng yaxshi futbolchisini aniqlamoqchi bo‘lsangiz, bizni jamoadan izlayverasiz. Akmal, Abduvohid, Sherzod katta hajmdagi ishni amalga oshirdi. Abduvohid O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etilishga loyiq. Hujum chizig‘ida biroz muammolarga duch keldik. Hujumchilarimizda samaradorlik pasayib ketdi. Ular xuddi maydonda yo‘qdek harakat qilishmoqda.

Sizga Eron chempionatidan qiziqishlar bo‘layotgan ekan?!

Bundan o‘zimning xabarim yo‘q. To‘g‘risi, matbuotni uncha o‘qimayman. Ba’zi narsalarga ishonmayman ham. Menga hech kim taklif bilan chiqqani yo‘q. Hech kim aloqaga ham chiqqani yo‘q. Keyingi rejamni mavsum tugagach ko‘rib chiqamiz. Hozir, O‘zbekistonning eng bayroqdor jamoasida ishlayapman. Bu meni qoniqtiradi. "Nasaf" taklif qilsa, jamoada qolaman. Jamoaga men kerakman, menam jamoamga kerakman.

"Nasaf" o‘zi chempionlik qo‘lga kiritdimi yoki raqobatchilari chempion qilib yubordimi?

Mavsum boshida barchada imkoniyat teng edi. Yana bir narsani bilishingiz kerak. Biz "Paxtakor" chempion bo‘lgan yili ko‘pchilik boshqa klublar kurashmadi, ularni chempion qildi degan fikrni aytar edi. Bu yil biz barqarorroq edik. Yetakchi jamoalarning o‘zaro o‘yinlarda ham orqada qoldirishni uddaladik. Bu muhim edi. So‘nggi 2-3-yilda jamoalarimiz darajasi tenglashib qoldi va hamma ochko yo‘qotdi. Biz natija uchun o‘ynaganimiz sababli chempionlikka erishdik. Bosimni yengib o‘tdik.

O‘zbek futbolida nimalar o‘zgardi deb o‘ylaysiz? Nimaning evaziga?

Viloyat jamoalariga e’tibor kuchaymoqda. Rahbariyat tomonidan bo‘ladigan e’tibor. Hozir 4-5 ta jamoa oldinga katta maqsad qo‘ygani raqobatni kuchaytirmoqda. Avvallari, katta futbolchilar ko‘proq poytaxtda bo‘lar edi. Viloyat klublarida yaratilayotgan imkoniyat natijasini yaxshilab boryapti. Men buni o‘zgarishni asosiy sababi deb hisoblayman. Hammasi e’tibor bilan bog‘liq.

Terma jamoani boshqaruv masalasidagi taklifga qanday javob berasiz?

Buni muhokama qilmaylik. Men, terma jamoaga ishonaman. Ular 100 foiz jahon chempionatiga chiqishni uddalashadi.

Tarixiy natija

Shunday qilib, “Nasaf” 23 o‘yindan keyin 52 ochko jamg‘arib, chempionat yakuniga 3 tur qolganda muddatdan avval O‘zbekiston chempioniga aylandi. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida ilk bor Superligada chempionlikni qo‘lga kiritib, Toshkent klublarining 23 yillik gegemonligiga chek qo‘ydi. Bungacha “Neftchi” 2001-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, shundan keyin o‘tgan 23 yil davomida chempionlik faqat Toshkent klublariga nasib qilayotgan edi. Xususan, so‘nggi 5 yil davomida “Paxtakor” chempionlikni hech kimga bermay kelayotgandi. Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf" ustozi sifatida ilk bor 2012-yilgi mavsumda ishga kirishgandi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoadagi 12-yillik faoliyati davomida 5 bor bronza, 3 bor kumush medallarini, 4 marotaba mamlakat kubogi va 2 karra Superkubokni qo‘lga kiritdi. Mutaxassis bugun nafaqat murabbiy balki futboldagi faoliyatidagi birinchi chempionligini nishonladi.

Chempionlik yo‘llanmalari

Berdiyev boshchiligidagi "Nasaf" klubi 2025/2026-yilgi Elit Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasiga ega chiqishdi. Ta’kidlash lozimki, G‘arb mintaqasida yo‘llanmaga ega chiqqan dastlabki klubga aylandi. Sharq mintaqasida Koreya Respublikasi chempioni "Ulsan XD" klubi ham keyingi mavsum Elit OCHLda ishtirok etishi aniq bo‘lgan. "Nasaf" o‘tgan yil O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgani uchun bu mavsum OCHL2 musobaqasi guruh bosqichida o‘ynamoqda. 2025-yilgi O‘zbekiston Superkubogi uchun bahsda "ajdarlar" ilk bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan "Andijon" klubiga qarshi maydonga tushishadi. Bu natija orqli "Nasaf" o‘z tarixida 4 marta Superkubok uchun o‘yinda ishtirok etgan va 2 marta g‘olib bo‘lgan. "Andijon" esa birinchi marta Superkubok uchun o‘yinda ishtirok etadi.

Теги :
Jamiyat