Farg‘onada jamoat transportida yo‘l haqi qimmatladi
Hokim qaroriga ko‘ra, yo‘lovchilarni naqd pulsiz to‘lov tizimidan ko‘proq foydalanishga rag‘batlantirish maqsadida elektron tarzda amalga oshirilgan to‘lovlar uchun chegirma joriy etildi. Quyida viloyatdagi avtobus narxlarining yangilangan va tabaqalashtirilgan tariflari bilan tanishing.
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida jamoat transportining yangi tabaqalashtirilgan narxlari belgilandi. Bu haqda viloyat hokimi Xayrulla Bozorov chiqargan qaror e’lon qilindi.
Tabaqalashtirilgan narxlar
Unga ko‘ra, Farg‘ona viloyatining shaharlarida, shahar yo‘lovchilar transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish xizmatlarining cheklangan tarifi quyidagicha belgilandi:
avtobuslarda bir nafar yo‘lovchi uchun yo‘l haqi — 3000 so‘m;
jamoat transportida elektron shaklda to‘langan to‘lov (transport kartasi, ATTO, bank kartalari) bir nafar yo‘lovchi uchun bir martalik rag‘batlantiruvchi yo‘l haqi tarifi — 2400 so‘m;
yo‘nalishli taksi (mikroavtobus)larda bir nafar yo‘lovchi uchun — 4000 (to‘rt ming) so‘m.
Bolalar uchun imtiyoz
Shahar yo‘nalishlaridagi avtobuslarda yo‘lovchilarning 7 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun haq undirilmaydi.
Qo‘l yuki va boshqa buyumlar
Yo‘lovchilar o‘zlari bilan 20 kilogrammdan og‘ir bo‘lmagan qo‘l yukini (o‘lchami 60 sm x 40 sm x 20 sm gacha) bepul olib yurishlari mumkin. Shuningdek, musiqa asboblari, 150 santimetrgacha uzunlikdagi buyumlar, qafasdagi mayda hayvonlar va parrandalar, bolalar va nogironlar aravachalari, mayda bog‘dorchilik inventari, va bolalar chanalarini ham bepul olib yurish huquqiga ega.
Avvalroq, Toshkent viloyatida ham jamoat transporti narxlari qimmatlashib, bank kartalari orqali to‘lov amalga oshirilganda 1700 so‘m, naqd pulda esa 2500 so‘m etib belgilangani haqida xabar bergan edik.



