Yoshlar orasida “dorixona narkomaniyasi” keng tarqalmoqda – Ravshan Mamatov
Ta’kidlanishicha so‘ngi 5 yilda sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 400 barobarga ko‘paygan.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2019−2024-yillar oralig‘ida narkojinoyatlar soni ikki baravarga ko‘paydi. Bu haqda 15-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tadbirda Prezident administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov maʼlum qildi.
5 yillik o‘sish
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga, giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 barobarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 barobarga ko‘paydi. Kuzatilayotgan salbiy jarayonlar bu sohada kompleks chora-tadbirlarni belgilash hamda samarali idoralararo va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taqazo etmoqda.
“Dorixona narkomaniyasi”
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari mintaqada, xususan, O‘zbekistonda “dorixona narkomaniyasi” ham keng tarqalayotgani tashvishli hol ekanini taʼkidladi.
“Mintaqamizda “dorixona narkomaniyasi” deb ataluvchi illatning yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani bizni tashvishga solmoqda. Ushbu yo‘nalishda yaqin qo‘shnilarimiz bilan tajriba almashishga va hamkorlik qilishga tayyormiz. Uyushgan jinoyatchilik tobora transmilliy shaklda faoliyat yuritayotganini inobatga olib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, unga qarshi transmilliy javob qaytaribgina muvaffaqiyatga erisha olamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Giyohvandlikka qarshi milliy strategiya
O‘zbekistonda 2024-yilda tarixda ilk bor giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024−2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya qabul qilindi. Mamatovning tushuntirishicha, bu strategiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — “aholida, ayniqsa, yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni va narkojinoyatlarga qarshi toqatsizlikni shakllantirishdir”.



