$
 12128.46
-36.78
 14304.31
-26.34
 159.04
-0.38
weather
+26
Кечаси   +14°

50 dan ortiq davlat vakillari Samarqandda narkotahdidlarga qarshi yig‘ildi

Bugun Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum o‘z ishini boshladi.

Tadbirda 50 dan ortiq davlat vakillari, 500 dan ziyod xalqaro ekspert va mutaxassislar, shuningdek, BMT, Interpol, Yevropa Ittifoqi, MDH va SHHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatlari ishtirok etmoqda.

Prezident murojaati o‘qib eshittirildi

Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati yetkazildi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ushbu murojaatni o‘qib eshittirib, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bugungi kunda narkotahdidlarga qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Forum doirasida ushbu yo‘nalishda samarali hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shgan qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston ilk bor BMT komissiyasiga saylandi

Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. Nyu-York shahrida BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) doirasida o‘tkazilgan saylovlarda O‘zbekiston ilk bor BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasiga a’zo etib saylandi.

Mazkur komissiya global miqyosda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jinoiy adliya tizimini rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘nalishlarini belgilovchi asosiy organlardan biri hisoblanadi.

Yuqori ishonch va yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston nomzodining EKOSOSga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatda olib borilayotgan sud-huquq islohotlari va inson huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarga berilgan yuqori baho sifatida qaralmoqda.

2027–2029-yillar davomida ushbu komissiyadagi a’zolik O‘zbekistonga xalqaro standartlarni shakllantirishda faol ishtirok etish, global xavfsizlik va adolat masalalarida o‘z pozitsiyasini ilgari surish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini beradi.