$
 12179.87
8.26
 14079.93
-37.92
 148.52
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

“Naqd puldan voz kechiladi”: O‘zbekiston iqtisodiyotida yangi raqamli davr boshlanmoqda

Toshkentda Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda yangi eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha islohotlar muhokama qilindi.

Raqamli iqtisodiyot — bugunning o‘zi

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning UZ24.uz nashriga ma’lum qilishicha, mamlakatda naqd pulsiz to‘lovlar ulushini bosqichma-bosqich 75 foizga yetkazish asosiy maqsad etib belgilangan. Bu jarayon iqtisodiyotda shaffoflikni oshirish va yashirin aylanmani qisqartirishga xizmat qiladi.

“Raqamlashtirish, bu — kelajak emas, bugunning o‘zi”, — dedi Abdiyev.

“Pul — bu shakl emas, bu qiymat”

Sessiyada Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev yangi tartiblarning mazmun-mohiyatini tushuntirdi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq yirik hisob-kitoblar bosqichma-bosqich naqdsiz shaklga o‘tkaziladi.

“Pul shakl emas, qiymat. Naqd bo‘ladimi, raqamlimi, baribir, ikkalasi ham milliy so‘m,” — dedi u.

Ta’kidlashicha, yangi tizimdagi asosiy o‘zgarishlardan biri — eskrou hisobvaraqlarining joriy etilishi bo‘lib, ishlash mexanizmi quyidagicha:

  • pul bankdagi maxsus hisobga joylashtiriladi
  • bitim notarius tomonidan tasdiqlanadi
  • shundan so‘ng mablag‘ avtomatik sotuvchiga o‘tkaziladi
  • agar bitim bekor qilinsa — pul xaridorga qaytariladi
“Bu tizim sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi xavfsizlikni ta’minlaydi,” — deya qo‘shimcha qildi Saydullayev.

Qaysi sohalar qamrab olinadi?

2026-yil 1-apreldan boshlab yangi tartiblar bosqichma-bosqich joriy etiladi. Unga ko‘ra:

— kommunal xizmatlar;

— yoqilg‘i quyish shoxobchalari;

— tamaki va alkogol mahsulotlari;

— 25 mln so‘mdan yuqori savdo operatsiyalari;

— ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisi naqd pulsiz shaklga o‘tkaziladi.

Rasmiylarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar yiliga yuz trillion so‘mlik mablag‘larni bank tizimiga jalb qiladi.

Komissiyalar va bank infratuzilmasi

Muloqotda qayd etilishicha:

  • ko‘chmas mulk bo‘yicha eskrou komissiyasi — 206 ming so‘m;
  • transport vositalari bo‘yicha — 103 ming so‘m.

Malumotlarga ko'ra, bu xizmatlar bozor uchun minimal darajada belgilangan.

Banklar va notariuslar integratsiyasi

Yangi tizim doirasida mamlakatdagi 433 mingdan ortiq POS-terminal, 42 ming bankomat, 70 million plastik karta hamda 1100 dan ortiq notariuslar yagona raqamli tizimga integratsiya qilinadi.

Eng muhim yangiliklardan biri — bitimlar real vaqt rejimida amalga oshirilishi. Notarius tasdiqlashi bilan pul avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tkaziladi va tizim haftaning barcha kunlari uzluksiz ishlaydi.

Mutasaddilar fikricha, bu islohotlar nafaqat to‘lov tizimini, balki iqtisodiyotning butun strukturasini bosqichma-bosqich o‘zgartiradi.

“Natija faqat qaror bilan emas, jamiyatning moslashuvi bilan erishiladi” — deya ta’kidlandi tadbir yakunida.