$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Naqd to‘lov qilganlar jarimaga tortilmaydi

To Foto: Afisha.uz

Toshkent avtobuslarida 2025-yil 1-yanvardan boshlab naqd pul qabul qilish to‘xtatilgani ma’lum qilingandi. Keyinchalik Transport nazorati inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi inspektori Salimjon Nishonboyev O‘zAga bergan intervyusida, avtobuslarda naqd to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida gapirgan edi.

“Agar yo‘lovchi yo‘l haqini naqd shaklda to‘lamoqchi bo‘lsa, haydovchi bu to‘lovni qabul qilmasligi shart. Ushbu holat hududiy inspektorlar tomonidan nazorat qilinadi. Birinchi marta huquqbuzar ogohlantiriladi. Agar ogohlantirishdan keyin ham qoidabuzarlik takrorlansa, haydovchi va yo‘lovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi,” — degan edi Nishonboyev.

Vazirlik munosabati

Shu bilan birga, Transport vazirligi bu borada o‘z munosabatini bildirdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi avtobus yo‘nalishlarida naqd to‘lov qilgan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqida tarqalgan xabarlar asossizdir.

Transport vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasini eslatib o‘tdi. Unga ko‘ra, trolleybus, tramvay, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobuslarda chiptasiz yurish BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Naqd pulga bilet yoki QR kod sotib olish imkoniyati

Avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd to‘lovdan butunlay voz kechilib, to‘liq elektron to‘lov tizimiga o‘tish rejasi haqida Transport vaziri Ilhom Mahkamov o‘tgan yilning oktyabr oyida jurnalistlarga ma’lumot bergan edi.

“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR kod sotib olish imkoniyati taqdim etiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu tizim hozirda Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Barcha avtobuslarga QR kodlarni skanerlay oladigan qurilmalar o‘rnatiladi. Ushbu qurilmalar ishga tushirilgach, konduktorlarga ehtiyoj qolmaydi, chunki naqd pul yig‘ish jarayoni bekor qilinadi,” — degan edi vazir.

1 yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif — 3 000 so‘m

2025-yil 1-yanvardan poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif — 3 000 so‘m etib belgilandi. Bunda to‘lov elektron to‘lov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali amalga oshirilganda hozirgidek o‘zgarishsiz qoladi — 1 700 so‘m.

Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun Toshkent shahridagi bekatlarda va ular yaqinida o‘rnatilgan barcha to‘lov qurilmalari, yaʼni Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik chipta xarid qilish kerak bo‘ladi.

Теги :
Jamiyat