$
 11783.47
-14.45
 13688.86
-51.0
 139.70
1.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Shavkat Mirziyoyev yangi Milliy muzeyni ko‘zdan kechirdi

muzey

Toshkent markazida O‘zbekistonning eng yirik madaniy maskanlaridan biriga aylanishi kutilayotgan yangi Milliy muzey qurilmoqda. Shavkat Mirziyoyev olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Yirik majmua nafaqat tarixiy buyumlar saqlanadigan muzey, balki ko‘rgazmalar, ilm-fan, ta’lim va oilaviy hordiq uchun ham katta maskanga aylanishi rejalashtirilgan. Unda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at asarlari namoyish etiladi.

Bir vaqtning o‘zida 3,5 ming kishi muzeyga kira oladi

Yangi Milliy muzey Toshkent markazidagi 3,9 gektar maydonda qurilmoqda. Binoning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metrdan oshadi. Majmua uch qavatli asosiy bino va ikki qavatli yerosti qismidan iborat bo‘ladi. Katta maydon tufayli bu yerda eksponatlarni keng va zamonaviy usulda namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.

Muzey bir vaqtning o‘zida 3,5 ming nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Ekspozitsiya zallarida O‘zbekiston tarixi va san’atiga oid 10 mingga yaqin eksponat namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tashrif buyuruvchilar mamlakatning qadimgi davrlaridan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, madaniyati va san’ati bilan bir joyning o‘zida tanishishi mumkin bo‘ladi.

Muzey joylashgan hudud ham alohida ahamiyatga ega. Yangi majmua Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ yaqinida joylashadi.

Muzeyning katta qismi ilm-fan va ta’limga xizmat qiladi

Yangi Milliy muzey faqat tarixiy buyumlarni ko‘rib chiqib ketadigan joy bo‘lmaydi. Loyiha bo‘yicha uning 60 foiz maydoni ilm-fan va ta’lim bilan bog‘liq faoliyat uchun ajratiladi. Bu yerda katta kutubxona, konferensiya zallari va tarixiy buyumlarni o‘rganish hamda tiklash uchun maxsus laboratoriyalar tashkil etiladi.

Restavratsiya laboratoriyalarida eski va shikastlangan tarixiy buyumlarni tiklash, ularni saqlash hamda kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Olimlar va mutaxassislar uchun tarixiy ashyolarni chuqur o‘rganish imkoniyati yaratiladi. Talabalar va yosh tadqiqotchilar ham muzeydagi ilmiy imkoniyatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Majmuada oilalar uchun ham qulayliklar yaratiladi. Bolalar maydonchalari va restoranlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Toshkentga Luvr va boshqa mashhur muzeylar eksponatlari kelishi mumkin

Yangi Milliy muzeyning yana bir muhim tomoni — xalqaro hamkorlik. Muzey loyihasini dunyoga mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando yaratgan. Eksponatlarni qanday joylashtirish, zallarni qanday tashkil qilish va tashrif buyuruvchilarga tarixni qanday ko‘rsatish bo‘yicha konsepsiya Germaniyaning Atelier Brückner tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan.

Kelajakda yangi muzey Fransiyadagi Luvr, AQShdagi Metropoliten va Britaniya muzeyi kabi dunyoning yirik muzeylari bilan hamkorlik qilishi rejalashtirilgan. Bunday hamkorlik orqali Toshkentda xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish va xorijdagi mashhur eksponatlarni vaqtincha O‘zbekistonga olib kelish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat