$
 11986.56
26.47
 13691.65
21.27
 152.09
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

“U har kuni mushuklar uni kutishini aytardi”: Chirchiqda qarovsiz hayvonlarni boqgani uchun jarimaga tortilgan pensioner haqida yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi

Chirchiqda avvalroq qarovsiz mushuklarni boqgani uchun jarimaga tortilgan 73 yoshli pensioner S.N.ning vafot etgani haqida xabar bergan edik. UZ24.uz muxbiri “Mehr va Oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati vakillari bilan bog‘lanib, voqea tafsilotlarini aniqladi.

Mushuklarni boqqani uchun jarima

Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, 26-iyun kuni profilaktika inspektori pensionerga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Ayol Rudakiy ko‘chasida muntazam ravishda qarovsiz mushuklarni boqib kelgan.

Jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi (”Hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish”) asosida qo‘llanilgan. Bunga sakkiz nafar qo‘shni, jumladan, uy qo‘mitasi raisi (domkom) tomonidan yozilgan jamoaviy murojaat sabab bo‘lgan. Ularning ta’kidlashicha, mushuklarni boqish antisanitariya holatini yuzaga keltirgan, burgalar ko‘payishiga, allergiyaga hamda qarovsiz itlarning kelishiga sabab bo‘lgan.

Pensionerning yaqin qo'shnisi imtiyozli muddatdan foydalanib, jarimaning yarmini darhol to‘lagan.

“Mehr va Oqibat” ma’lumotiga ko‘ra, 16-iyul kuni pensionerga pochta bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlaridan kelgan xatni zudlik bilan olib ketish so‘ralgan. O‘zini yomon his qilayotganiga qaramay, u taksida borib xatni olgan. Xabarnomada jarima 10 kun ichida to‘lanmasa, materiallar Majburiy ijro byurosiga yuborilishi aytilgan.

U juda qattiq tashvish chekayotgan edi

21-iyul kuni “Mehr va Oqibat” vakillari Chirchiqqa borib, pensioner, uning nabirasi, profilaktika inspektori va mahalla raisi bilan uchrashgan.

Jamiyat vakillarining aytishicha, ular hovlida qo‘shnilar shikoyat qilgan antisanitariya holatlarini aniqlamagan.

“U juda qattiq tashvish chekayotgan edi. Hayotida birinchi marta o‘zini jinoyatchidek jazolashganini aytdi. Qo‘shnilari mushuklarni boqayotgan paytda uni suratga olib, ustidan ariza yozishganini gapirib berdi. Shunga qaramay, mushuklarni boqishni to‘xtata olmasligini, chunki ular har kuni uni kutishini aytdi. Pensiya hisobiga kun kechirayotgan ayol uchun 1 million 236 ming so‘mlik jarima juda og‘ir zarba bo‘ldi”, — dedi “Mehr va Oqibat” vakillari UZ24.uz muxbiriga.

Pensioner sudga hujjatlar topshirilishidan oldin vafot etgan holda topildi

22-iyul kuni ertalab “Mehr va Oqibat” volontyori pensionerning uyiga sudga murojaat qilish uchun tayyorlangan hujjatlarni imzolatish maqsadida borgan. Biroq eshikni hech kim ochmagan. Shundan so‘ng volontyor mahalla raisi va profilaktika inspektori bilan bog‘lanib, xonadonni ochishni so‘ragan. Jamiyat ma’lumotiga ko‘ra, profilaktika inspektori Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xodimlarini chaqirishdan bosh tortgan. Qutqaruvchilar eshikni ochganida esa pensioner allaqachon vafot etgan bo‘lgan. Hozirda uning jasadi morgda.

Mehr va Oqibat” nima deydi?

Jamiyat vakillari jarima pensionerning o‘limiga aynan sabab bo‘lganini da’vo qilmayotganini ta’kidladi. Biroq u ma’muriy jazoni juda og‘ir qabul qilgan.

Shuningdek, pensioner qatnab yurgan ibodat uyi a’zolari ham uning ma’muriy jazodan keyin qattiq ruhiy bosimni boshdan kechirganini aytgan. Bundan tashqari, “Mehr va Oqibat” vakillari profilaktika inspektori va mahalla raisi bilan uchrashuvda murosali yechim sifatida qarovsiz mushuklarni boqish uchun alohida joy ajratish hamda u yerga hayvonlar uchun maxsus uychalar o‘rnatishni taklif qilgan. Biroq bu masala hal etilmagan.

Jamiyat bundan buyon ham qarovsiz hayvonlarga yordam berayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qildi.