MERIT SCHOOL va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida qonunbuzarliklar fosh bo‘ldi
Raqobat qoʻmitasiga joriy yilning oʻtgan davrida nodavlat ta’lim xizmatlari boʻyicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarda ta’lim sifati pastligi, o‘quv xonalarida sharoit yo’qligi va o‘qituvchilarning malaka darajasi yetarli emasligi ta’kidlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qoʻmitasiga joriy yilning oʻtgan davrida nodavlat ta’lim xizmatlari boʻyicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning asosiy qismi Toshkent shahridagi subyektlar xissasiga toʻgʻri keladi.
Murojaatlar va qonunbuzarliklar tahlili
Eng koʻp murojaatlar “NEWTON ACADEMY KZ”, “MERIT SCHOOL”, “MyTeacher” (“MYTEACHER GROUP”) platformasi, “MY MED ACADEMY” va boshqa tashkilotlar faoliyatiga tegishlidir.
Shikoyatlarda ta’lim sifatining qoniqarsizligi, oʻqituvchilar malakasizligi, oʻquv xonalarining shart-sharoitlari javob bermasligi, oʻquv grafigiga rioya qilinmasligi, xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma tuzilmaganligi ta'lim berishda intizom yoʻqligi hamda yuzaga kelgan boshqa muammolar bayon etilmoqda.
Reklamalardagi noto‘g‘ri ma’lumotlar
Bazi ta'lim muassasalari tomonidan iste'molchilarni turli yoʻllar bilan jalb qilish niyatida reklamalarda “Joylar soni cheklangan”, “3 oyda til oʻrganing”, “Kafolatlangan ta'lim” kabi boʻrttirilgan iboralardan foydalanilmoqda.
“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shartligi belgilangan.
Shuningdek, iste'molchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega hisoblanadi.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, noaniq, foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan reklamaga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ko‘rilgan choralar va natijalar
Qoʻmita tomonidan murojaatlarni oʻrganib chiqish natijasida iste'molchilar foydasiga jami 1,2 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishi ta'minlangan.
Shuningdek, litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos oʻquv sharoitlarini yaratmagan holatlar boʻyicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.
Jumladan, “NEWTON ACADEMY KZ” oʻquv markazi faoliyati yuzasidan koʻplab shikoyatlar tushayotganligi holati boʻyicha toʻplangan hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuborilgan.
Natijada, vazirlik tomonidan oʻquv markazi faoliyati tekshirilganda, litsenziyasiz nodavlat maktabdan tashqari ta’lim xizmatlari faoliyati bilan shugʻullanganligi va oʻqituvchilarning belgilangan sertifikati mavjud emasligi aniqlanib moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Nodavlat ta’lim muassasalariga ogohlantirish
Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qonunchilik talablariga va litsenziya shartlariga qat’iy rioya qilishga chaqirda. Bu talablarni buzgan muassasalarga yanada qat’iy choralar ko‘rilishi mumkin.



