Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +8°

Asossiz qarzdorlik, shaffoflikning yo‘qligi: Iste’molchilar nimadan norozi?

Joriy yilda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan 8434 ta murojaatning 380 tasi ko‘pxonadonli uylarni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Ko'pqavatli uy ko'p xonadonli "dom" kvartira

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ko‘pxonadonli uylarni boshqaruvchi kompaniyalarning faoliyatini o‘rganib, shartnomalarda qonunchilikka zid va iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi qoidalar mavjudligini aniqladi.

Fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib tekshiruvlar olib borildi

2024-yil yanvar-oktyabr oylarida Raqobat qo‘mitasiga uy-joy kommunal xizmatlari, qurilish va transport sohasida 8434 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 380 tasi aynan ko‘pxonadonli uylarni boshqarish masalalariga taalluqli bo‘lgan. Fuqarolar boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan umumiy yig‘ilishlarning o‘tkazilmasligi, amalga oshirilgan ishlarga oid hisobotlarning ochiq taqdim etilmasligi va ba’zi hollarda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qarzdorlik hisoblanganidan norozilik bildirgan.

Asossiz shartlar va qonunbuzarliklar

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda quyidagi qonunbuzarliklar aniqlangan:

 • Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi “Lochin-Sanjar BK” MCHJ shartnomada muddatdan kechikkan to‘lovlar uchun jarima belgilagan bo‘lsa-da, o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun hech qanday javobgarlikni nazarda tutmagan.

 • Toshkent viloyatidagi “Ascent Gold Story” MCHJ boshqaruv kompaniyasi davlat hisobidan iste’molchilarga zarar qoplab berilishini ta’minlashga oid asossiz shartlarni kiritgan.

 • Farg‘onadagi “Xumo Turon” MCHJ esa uch oy davomida to‘lov amalga oshirilmasa, kommunal xizmatlarni uzib qo‘yishi haqida shartnoma tuzgan. Biroq qonunchilikka ko‘ra, boshqaruvchi kompaniyalar bunday vakolatga ega emas.

Fuqarolarning huquqlari cheklanmoqda

Ko‘p hollarda shartnomalarda mulkdorlarning asosiy huquqlari aks ettirilmagan. O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘pxonadonli uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, mulkdorlar boshqaruvchi kompaniyaning faoliyatidan norozi bo‘lsa, shartnomani bir tomonlama bekor qilish va boshqa boshqaruvchini tanlash huquqiga ega. Ammo o‘rganilgan shartnomalarda bu huquqni e’tiborsiz qoldirish holatlari aniqlangan.

Qonun talablariga rioya qilinmagan

O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida ishlab chiqaruvchi yoki ijrochi iste’molchiga tovar va xizmatlar haqida zarur va aniq ma’lumot berishi shartligi ko‘rsatilgan. 19-moddaga ko‘ra esa xizmatlar belgilangan muddat, hajm va sifatda taqdim etilishi lozim. Biroq ko‘pxonadonli uylarni boshqaruvchi ko‘plab kompaniyalar bu talablarga rioya etmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga tegishli takliflar taqdim etdi.