$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Qaysi davlatlar olimpiada sovrindorlari uchun pul mukofoti ajratmagan?

mukofot

Hongkong, Singapur va Tayvan olimpiada medallari uchun eng koʻp mukofot puli toʻlaydigan davlatlar hisoblanadi. Bu haqda Kaktus.media nashri ma'lumot berdi.

Qayd qilinishicha, Hongkong olimpiada oltin medali uchun $768,5 ming, Singapur $737 ming va Tayvan $720 ming toʻlaydi, bu dunyodagi eng katta mukofot pullaridir.

Medallar kam bo‘lsa ham mukofotlar miqdori katta

Hongkong Olimpiadada Xitoydan alohida, oʻz bayrogʻi ostida qatnashmoqda. Oltin medal uchun Hongkong 768,5 ming dollar, kumush va bronza uchun mos ravishda 384 ming va 192 ming dollar toʻlaydi. Jamoaviy sport turlarida medallar uchun mukofot yuqoriroq: birinchi oʻrin uchun 1,5 million dollardan sal koʻproq, ikkinchi va uchinchi oʻrinlar uchun mos ravishda 768 ming va 384 ming dollar. Qizigʻi shundaki, Hongkong quyi oʻrinlarni ham taqdirlaydi: yakka sport turlarida toʻrtinchi oʻrin egalari 96 ming dollar va jamoaviy sport turlarida 192 ming dollar oladi. Beshinchidan sakkizinchigacha boʻlgan oʻrinlar uchun - shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda mos ravishda 48 ming va 96 ming dollar. Bunday saxiylikni tushunsa boʻladi — Hongkong Olimpiya oʻyinlarida kamdan-kam hollarda medal oladi.

Singapurdagi mukofot pullari

Singapur oʻzining mukofot dasturi orqali, yakka sport turlari boʻyicha gʻoliblarga 1 million singapur dollari (taxminan 737 ming dollar) taklif qiladi. Jamoaviy sport turlari boʻyicha gʻoliblarga 2 million singapur dollari (taxminan 1,5 million dollar) toʻlanadi. Yuqoridagi summalarning 50 foizi kumush medal sohiblariga, 25 foizi bronza medali sohiblariga beriladi. Hozircha faqat bir nafar singapurlik bunday mukofotga sazovor boʻlgan - suzuvchi Jozef Skuling 2016 yilgi Olimpiada oʻyinlarida 100 metrga batterflyay usulida suzishda gʻolib chiqqan. Bu Singapurning birinchi va hozircha yagona oltin medalidir.

Xitoy Taypeyi yohud Tayvan

Olimpiadada “Xitoy Taypeyi” rasmiy nomi bilan ishtirok etayotgan Tayvan oʻz sportchilariga oltin uchun 720 ming dollar, kumush uchun 252 ming dollar va bronza uchun 180 ming dollar taklif qilmoqda. Tokiodagi oʻyinlarda Tayvan 12 medalni qoʻlga kiritdi, bu 2000-yilda oʻrnatilgan rekordni ikki baravar oshirdi. Bundan tashqari, tayvanlik Olimpiada chempionlari hukumat dasturi doirasida bir martalik 20 million Tayvan dollari (600 ming dollar) va har oy 125 ming Tayvan dollari (4000 dollar) miqdorida umrlik stipendiya oladi.

6 raqamdan iborat mukofot pullari

Indoneziya, Qozogʻiston, Malayziya, Marokash, Italiya, Filippin, Tailand, Vengriya, Kosovo, Estoniya va Misr ham Parij Olimpiadasi medallari uchun olti raqamdan iborat mukofotlarni (112 ming dollardan 365 ming dollargacha) taklif qilgan.

Ba'zi hollarda sportchilar ham hukumatlar, ham milliy sport tashkilotlari tomonidan mukofot oladi. Masalan, Hindiston hukumati oltin medal sovrindorlariga 7,5 million rupiy (90 ming dollar), Hindiston Olimpiya assotsiatsiyasi esa 10 million rupiy (120 ming dollar) toʻlaydi.

Medallar koʻp, mukofot puli kamroq

Olimpiadada oʻz chempionlariga boshqalarga nisbatan kichik mukofot pullarini taklif qiladigan mamlakatlar ham mavjud, ammo ularda gʻoliblar soni koʻp boʻlgani uchun umumiy toʻlov astronomik miqdorga yetadi. Xitoy oʻz gʻoliblariga toʻlaydigan summalarni e'lon qilmagani uchun bu mamlakat reytingga kiritilmagan, ammo u bemalol birinchi oʻrinni egallashi mumkin edi. Xitoy olimpiadalarda yuzlab medallarni qoʻlga kiritadi.

AQSh norasmiy medallar reytingida birinchi

AQSh oltin medal uchun 37,5 ming dollar toʻlaydi, kumush va bronza medal sohiblari mos ravishda 22,5 ming va 15 ming dollar oladi. Milliy sport tashkilotlarining ham sportchilarni ragʻbatlantirish dasturlari mavjud. Masalan Living The Dream Medal Fund jamgʻarmasi kurash boʻyicha oltin medallar uchun 250 ming dollar, USA Swimming esa suzish boʻyicha oltin medallar uchun 75 ming dollar taklif qilmoqda. Bonuslar umuman katta emasdek koʻrinadi, biroq, Tokio-2020 olimpiadasida AQSh norasmiy medallar reytingida birinchi oʻrinni egalladi, bu esa Milliy Olimpiya qoʻmitasiga 9 million dollarga tushdi.

Markaziy Osiyoda mukofotlar miqdori qanday?

Qozogʻiston Olimpiya chempionlari qancha olishini allaqachon ma'lum qilgan: oltin uchun 250 ming dollar, kumush uchun 150 ming dollar va bronza uchun 75 ming dollar. Shuningdek, 4-, 5- va 6-oʻrinlar uchun 30 ming dollar, 10 ming va 5 ming dollar miqdoridagi naqd pul toʻlovlari koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston oʻz sportchilariga oltin medal uchun 200 ming dollar, kumush uchun 100 ming dollar va bronza uchun 50 ming dollar va'da qilmoqda.

Tojikiston sportchilari Olimpiadada birinchi oʻrin uchun Prezident mukofoti dasturi doirasida 150 ming somoniy (taxminan 14 ming dollar), ikkinchi oʻrin uchun – 100 ming (taxminan 9 ming dollar), uchinchi oʻrin uchun – 50 ming (taxminan 4,5 ming dollar) miqdorida mukofotlanadi. Taniqli sportchilarning ustozlari ham mukofot oladi. Bundan tashqari, oʻtgan yili Tojikistonda Olimpiada, Paralimpiya va Surdolimpiya oʻyinlari medallari va sovrindorlari uchun oylik maosh belgilandi.

Qirgʻizistonda sportchilar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlanadilar: oltin medal - 10 million qirgʻiz soʻmi (taxminan 119 ming dollar); kumush medal - 7 million qirgʻiz soʻmi (taxminan 83 ming dollar); bronza medali - 5 million qirgʻiz soʻmi (taxminan 60 ming dollar).

Mukofot puli yoʻq, sportchilarni taqdirlash homiylar zimmasida

Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Shvetsiya hukumatlari an'anaviy tarzda oʻz gʻoliblariga pul toʻlamaydi. U yerda sportchilar faqat homiylar koʻmagida pul ishlab topishadi. Hukumat, MOQ va mahalliy federatsiyalarning mashgʻulotlari, murabbiylar va xodimlar uchun haq toʻlashga yordam berish bilan cheklanadi.

2024-yilda ba'zi sport tashkilotlari birinchi marta sportchilarni mukofotlashga qaror qildi. Butunjahon yengil atletika federatsiyasi (World Athletics) barcha oltin medal sovrindorlari 50 ming dollar olishi haqida xabar berdi. 2024-yil iyul oyida XOQ tarkibidan chiqarilgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) boks boʻyicha oltin medallar uchun 100 ming dollar toʻlashini ma'lum qildi.

Теги :
Jamiyat