$
 12073.42
-72.23
 14134.35
-134.36
 164.47
0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp va Si Szinpin “yopiq eshiklar” ortida: Ikki davlat rahbari nimalarni muhokama qildi?

yopiq eshik

AQSh prezidenti Donald Tramp 2017-yildan beri ilk bor Xitoyga tashrif buyurdi va Pekinda Si Szinpin bilan ikki soatdan ortiq muzokara olib bordi. Uchrashuv AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi, Tayvan mojarosi va texnologik raqobat kuchaygan paytda bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Eron atrofidagi vaziyat ham muhokama qilingan. Tramp bilan birga Pekinga Ilon Mask, Tim Cook va Jensen Huang kabi yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari ham borgan. Xo‘sh, Tramp va Si Szinpin nimani kelishib oldi?

Tayvan masalasi yana keskinlashdi

Muzokaralar boshlanishi bilan Xitoy tomoni Tayvan mavzusini ko‘tardi. Si Szinpin AQSh bilan aynan shu masala sabab katta mojaro yuzaga kelishi mumkinligini aytgan.

Xitoy Tayvanni o‘z hududi deb biladi. AQSh esa orolni qo‘llab-quvvatlab, unga qurol yetkazib berishda davom etmoqda. Shu sabab Tayvan ikki davlat o‘rtasidagi eng nozik mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio esa tomonlar vaziyatni yanada og‘irlashtirmaslikka harakat qilayotganini bildirgan.

Tramp Xitoyga biznes gigantlarini olib bordi

Donald Tramp Pekinga yirik amerikalik tadbirkorlar bilan bordi. Delegatsiya tarkibida Tesla rahbari Ilon Mask, Apple bosh direktori Tim Cook va Nvidia rahbari Jensen Huang ham bo‘lgan.

Tramp Xitoy bozorini Amerika kompaniyalari uchun kengroq ochishni istayotganini aytdi. Chunki so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo ancha kamaygan. 2022-yilda o‘zaro savdo hajmi 690 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 414 milliard dollargacha tushib ketgan.

AQShni ayniqsa savdo balansidagi katta tafovut xavotirga solmoqda. O‘tgan yili Amerika Xitoydan eksport qilganidan 200 milliard dollardan ko‘proq mahsulot import qilgan.

Eron masalasi ham asosiy mavzulardan biri bo‘ldi

Muzokaralarda Yaqin Sharqdagi vaziyat ham muhokama qilindi. Ayniqsa Eron atrofidagi keskinlik va urush xavfi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.

Xitoy Eronning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Shu sabab AQSh Pekindan Tehronga bosim o‘tkazishda yordam kutmoqda. Lekin Tramp safar oldidan Eron masalasida Xitoy yordamiga ehtiyoj yo‘qligini aytgan. Ekspertlar esa Pekin bu vaziyatda vositachi rolini kuchaytirishga urinayotganini ta’kidlashmoqda.

Uchrashuv dunyo siyosatiga ta’sir qilishi mumkin

Bu Trampning prezidentlikka qaytganidan keyingi eng muhim tashriflaridan biri sifatida baholanmoqda. Chunki ayni paytda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi raqobat nafaqat siyosat, balki sun’iy intellekt, texnologiya va iqtisodiyotda ham kuchayib bormoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Pekindagi bu uchrashuv keyingi yillarda dunyo siyosati qanday shakllanishiga katta ta’sir qilishi mumkin.

Теги :
Jamiyat