Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +8°

Yo‘lovchilar jamoat transportining asosiy muammolari haqida gapirdi

“Yuksalish” harakati Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘lovchilari orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lovchilar jamoat transportining asosiy muammolari haqida gapirdi

“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarning muammo va ehtiyojlarini aniqlash maqsadida Toshkent shahridagi jamoat transporti haqida yo‘lovchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

276 respondent

So‘rov mas’ul tuzilmalar tomonidan qo‘shimcha e’tibor talab qiladigan jihatlarni aniqlashga qaratilgan. O‘rganishlar ikki bosqichni — video intervyu va onlayn anketalarni o‘z ichiga oldi va 276 respondentni qamrab oldi.

Respondentlarning yosh bo‘yicha taqsimoti:

19,6%i – 18 yoshdan kichik;

63,3%i – 19 dan 45 yoshgacha;

5,5%i – qariyalar.

Jamoat transportidagi eng katta muammolar

Jamoat transportidagi eng katta muammo haqida so‘ralganda, quyidagi javoblar berildi:

Tigʻiz vaqtlarda yoʻlovchilar oqimi koʻpligi (49,1%);

Avtobuslarda sovituvchi/isituvchi kondisionerlar toʻliq ishlamasligi (15,6%);

Metroda havo ventilyasiyasi yaxshi ishlamasligi (12,4%);

Transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmaganligi (8%).

Hali ham eski avtobuslardan foydalanilmoqda

Yoʻlovchilar ba'zi yoʻnalishlarda haligacha eskirgan avtobuslar harakatlanayotganini, ular yoʻllarda tez-tez ishdan chiqayotganini yoki yongʻinlar kelib chiqayotganini muammo sifatida qayd etgan. Ayrim avtobuslarning harakatlanish jadvaliga muvofiq yurmasligini ham qo‘shimcha qilishgan.

Konduktorlarga ehtiyoj bormi?

Ba'zilar konduktorlarga ehtiyoj yo‘qligiga ishonishadi, boshqalari esa ularning yo‘qligidan kelib chiqadigan muammolarni gapirdi.

“Masalan, konduktorlar bo‘lmasa, haydovchilar yo‘lovchilarni old eshikdan tushirishadi, bu esa transportda odamlar ko‘p bo‘lganda qo‘shimcha noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin”, - dedi Yuksalish.

Taburet ko‘rinishidagi “qo‘shimcha o‘rindiqlar”

“Respondentlarning fikricha, taburet ko‘rinishidagi “qo‘shimcha o‘rindiqlar”dan foydalanish va mikroavtobuslarda turgan yo‘lovchilarni tashish yo‘lovchilar xavfsizligi uchun katta xavf tug‘diradi va qat’iy nazorat va tartibga solishni talab qiladi”, - deyiladi xabarda.

Yo‘lovchilar nimani taklif qilishdi?

Soʻrov davomida respondentlar quyidagi taklif va tavsiyalarni berdi:

tigʻiz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini koʻpaytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish (65,2%);

tirbandlikning oldini olish uchun sigʻimi va hajmi katta avtobuslar sonini koʻpaytirish (50%);

metroda ventilyasiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash (49,1%);

eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizasiya qilish (41,7%);

jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash (34,1%).

Taksi xizmatlariga o‘xshash ball tizimini joriy etish masalasi

“So‘rovda jamoat transporti haydovchilarining faoliyatiga oid bir qator takliflar aniqlandi, yo‘lovchilarning ko‘rib chiqishlari, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etishi, jumladan, “poyga” bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni qat’iy nazorat qilish asosida taksi xizmatlariga o‘xshash ball tizimini joriy etish taklif etildi. Yo‘l harakati qatnashchilarining xavfsizligini ta’minlash, haydovchilar va konduktorlar tomonidan xizmat ko‘rsatish sifatini tekshirish va boshqalar”, — deya qo‘shimcha qildi Yuksalish.

Haydovchilarning faoliyati boʻyicha takliflar

Soʻrov ishtirokchilari, shuningdek, jamoat transporti haydovchilarining faoliyati boʻyicha takliflar qoldirgan. Masalan, yoʻlovchilarni tashish vaqtida uyali telefondan foydalangan haydovchilarni jazolash, ularning malakasini muntazam oshirib borish, yoʻlovchilarning fikr-mulohazalari asosida ball tizimini joriy etish, natijasiga qarab mukofotlash yoki jarimaga tortish tizimini yoʻlga qoʻyish, avtobus haydovchilarining “poyga”lar uyushtirishi bilan bogʻliq qoidabuzarliklarni qat'iy nazorat qilish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va hokazolar.

Ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlar

Soʻrovda qatnashganlar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish – yoʻlovchilarni audio va vizual formatda xabardor qiluvchi axborot tizimlarini joriy etishni ham ta'kidlagan.

Muammolarni doimiy aniqlab borish uchun fuqarolar murojaatlarini qabul qiluvchi platformalarni ishga tushirish, uni faollashtirish tavsiya etilgan. Respondentlar orasida metroda ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlarni joriy etishni soʻraganlar ham boʻldi.

Tizimni yanada rivojlantirish

“Yuksalish” harakati soʻrov natijalaridan Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi takomillashib borayotgani, mavjud muammolar, asosan, qulaylik va xavfsizlik bilan bogʻliqligi aniqlanganini aytdi.

“Tizimni yanada rivojlantirishda fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olish, qaror qabul qiluvchi mas’ul vazirlik va idoralarning kompleks yondashuvi zarur”, — deyiladi xabarda.