Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 91 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +8°

Maftuna Saidova: 3 oyda 100 ga yaqin bolalar bogʻchasi faoliyati vaqtinchalik to’xtatildi

2024-yilning 3 oyi davomida MTTda sanitariya qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan 1 102 ta holatda jarimalar qoʻllanilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Maftuna Saidova: 3 oyda 100 ga yaqin bolalar bogʻchasi faoliyati vaqtinchalik to’xtatildi

2024-yilning 3 oyi davomida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan 1272 ta maktabgacha ta'lim tashkilotida tekshiruvlar amalga oshirildi. Bu haqda Qoʻmita axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova xabar qildi.

6 824ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari

Qayd etilishicha, respublikada jami 6 824ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari mavjud boʻlib, 18 foizi «Autsorsing usul»ida, 82 foizi esa «An'anaviy usul»da tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirishni tashkil etgan.

Tekshiruv natijalari

Qoʻmitaning xududiy boshqarmalari tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan kimyoviy tahlillar uchun jami 26 534 ta namunalar olingan. Shulardan 1 554 tasi, ya'ni 5,8 foizi talabga javob bermagan boʻlsa, bakteriologik tahlillar uchun olingan 31 791 ta namunalardan 3 149 tasi, ya'ni 9,9 foizi Sanitariya qoidalari va me'yorlari talablariga javob bermagan.

Guruhlarda xona harorati

Guruhlarda xona harorati (mikroiqlim koʻrsatgichlari) 7 921 ta holatda tekshirilgan va 612 tasida harorat talab darajasida emasligi aniqlangan. Yorugʻlik koʻrsatkichlari 14 658 ta nuqtada oʻlchangan va 1 250 tasida yoritilganlik darajasi pastligi aniqlangan.

Tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 109 tasi talabga javob bermagan

Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini toʻgʻri va xavfsiz tashkil etilganligi ustidan nazoratni amalga oshirish chogʻida mikrobiologik koʻrsatkichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 3 062 ta namuna olingan va ulardan 109 tasi talabga javob bermagan, ichimlik suvidan esa 1 865 ta olingan namunadan 57 tasi talabga javob bermagan.

Ovqat to’yimliligi tekshirildi

Kimyoviy tahlillar uchun ovqat toʻyimliligi 1 242 ta namunalar tekshirilgan, shulardan 189 ta namunada ovqat toʻyimliligi past ekanligi aniqlangan. Sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 3 501 ta namuna olingan, 76 ta namunada nitrat qoldiqlari borligi aniqlangan, osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 760 ta namuna tekshirilgan va ularning 243 tasida namunalarda yod miqdori me'yorga nisbatan kamligi aniqlangan.

228 nafar ishchi-xodimlar ishdan vaqtincha chetlatilgan

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan mas'ul shaxslarga nisbatan 1 102 ta holatda ma'muriy choralar (jarimalar) qoʻllanilgan, 92 ta muassasalarining esa ish faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan. 228 nafar ishchi-xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmaganliklari sababli ishdan vaqtincha chetlatilgan va 104 kilodan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.