O‘zbekistonda maymunchechak kasalligiga qarshi kurashish uchun barcha choralar ko‘rilgan
Sanepidqo‘mita boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Ikromov O‘zbekistonga maymunchechakning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Ikromovning aytishicha, virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, joylarga test sistemalari tarqatilmoqda.
Maymunchechakka qarshi choralar koʻrilmoqda
“O‘zbekistonda maymunchechak kasalligining chetdan kirib kelishi va uning tarqalib ketishini oldini olish yuzasidan ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, - deya xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Ikromov.
Qo‘mita vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu kasallikka chalinganlikda gumon qilinadigan holatlarda laboratoriya tashxislarini o‘tkazish uchun bojxonalardagi, markazlardagi va virusologiya ilmiy tekshirish institutidagi virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Zarur bo‘ladigan diagnostika va test sistemalari
Mutaxassisning aytishicha, maymunchechak kasalligini tashxislash uchun zarur bo‘ladigan diagnostika va test sistemalarini olib kelish yuzasidan ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
“Bizda 2023-yilda berilgan test sistemasi ham mavjud. Undan foydalanish yuzasidan ma’lum ishlarni amalga oshiryapmiz. Ya’ni joylarga yetkazib berish va u yerda gumon qilingan holatlarda kasallikni tashxislashdan o‘tkazish yuzasidan ish joyida tajriba almashinuvini amalga oshirish, ya’ni ish joyida ko‘nikma hosil qilish yuzasidan videokonferensiya aloqasi orqali laboratoriya xodimlarining bilim-saviyalari oshirilmoqda”, — dedi Rustamjon Ikromov.
Shifokorlar bilan o‘quv seminarlari
Mas’ul, shuningdek, kasallikka gumon holatini erta aniqlash uchun qabulxona va yuqumli kasalliklar shifoxonalarida teri toshmalarining barcha ko‘rinishlari, jumladan, maymunchechagining o‘ziga xos belgilarini aniqlash maqsadida shifokorlar bilan yaqin kunlarda o‘quv seminarlari tashkil qilish reja qilinganini ma’lum qildi.
Maymunchechak infeksiyasi haqida nimalar ma’lum?
Maymunchechak — bu Orthopoxvirus jinsiga mansub maymunchechak virusi keltirib chiqaradigan kasallik. Maymunchechak virusining ikkita genetik kladasi mavjud: I va II sinf.
Odatiy simptomlar teri toshmasi yoki shilliq pardalarning shikastlanishi hisoblanib, ular ikki-to‘rt hafta davom etishi mumkin va isitma, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, zaiflik va limfa tugunlarining shishishi bilan kuzatiladi.
Odamlar maymunchechakni u bilan kasallangan odam, ifloslangan narsalar yoki kasal hayvonlar bilan jismoniy aloqa qilish orqali yuqtirib olishi mumkin.



