Atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalar monitoringi qilish qanday amalga oshiriladi?
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida 2025-yilgacha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasining 25.11.2024-yildagi 783-son qarori bilan sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash choralari belgilandi.
347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiya xarid qilinadi
Prezidentning 31.05.2023-yildagi PF-81-son Farmoniga muvofiq tuman (shahar)larda atmosfera havosining ifloslanishini fon monitoringi qilishning 347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish rejalashtirilgan. Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
2025-yilgacha amalga oshirilishi zarur chora-tadbirlar
Ifloslantiruvchi manbalarni sifatli monitoring qilish uchun tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyektlar (atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish I toifasi – 2025-yil 1-iyulgacha, II toifasi – 2025-yil oxirigacha) quyidagilarni ta’minlashlari kerak:
ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantirish manbalaridan atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalarni monitoring qilishning avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarini o‘rnatish;
yuqori samarali chang va gazni tozalash qurilmalari hamda mahalliy suv tozalash inshootlarini yangilariga almashtirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning sanitariya-himoya zonalarini avtomatlashtirilgan stasionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.
O‘rnatiladigan yangi chang-gazni tozalash uskunasining samaradorligi kamida 99,5%, mavjud modernizatsiya qilinadigan uskunalarniki – kamida 95%, yangi va modernizatsiya qilinadigan mahalliy suv tozalash inshootlariniki – kamida 80% bo‘lishi kerak.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.11.2024-yildan kuchga kirdi.



