$
 12004.41
-20.92
 14129.19
-33.04
 153.59
-1.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo tinch emas: 2026-yilda qayerlarda mojarolar kuchayishi mumkin?

mojaro

Bugun dunyodagi mojarolar faqat bitta mamlakat yoki mintaqa bilan cheklanib qolmayapti. Bu ziddiyatlar odamlarning hayotiga, savdo yo‘llariga va butun dunyo xavfsizligiga bevosita ta’sir qilmoqda. 2026-yil boshlanar ekan, hududlarda vaziyat yanada keskinlashib, eski ziddiyatlar qayta jonlanish arafasida. Xo‘sh, 2026-yilda qaysi mintaqalar dunyo uchun xavf tug‘dirishi mumkin?

Yaman

Yamanda mojaro tugamayapti, aksincha boshqa shaklga o‘tyapti. Ba’zi hududlarda yirik janglar kamaygan bo‘lsa-da, mamlakat tobora ikkiga bo‘linib bormoqda. Shimolda hududlarni husiylar nazorat qilsa, janubda esa mintaqaviy kuchlar qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa guruhlar mavjud.

Bunday bo‘linish Yaman ichida kelishuvga erishishni yanada qiyinlashtiradi. Bu muammo faqat mamlakat ichida emas, balki butun dunyo uchun ham ahamiyatli. Chunki Yaman Qizil dengizdagi muhim dengiz yo‘llariga juda yaqin joylashgan.

Dengiz xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar kuchayayotgan bir paytda, 2026-yilda Yaman beqarorligi mintaqaviy siyosat va global savdoga bevosita ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.

Nigeriya

Nigeriyada 2026-yil arafasidagi vaziyat juda murakkab. Mamlakat bir vaqtning o‘zida qurolli guruhlar hujumlari, jinoyatchilik va og‘irlashib borayotgan iqtisodiy bosim bilan yuzma-yuz kelmoqda. Shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarda Boko Haram va ISWAP kabi ekstremistik guruhlar hujumlarni davom ettirmoqda.

Mamlakatning markaziy qismi va shimolida zo‘ravonliklar tobora ko‘proq xristian jamoalariga qaratilmoqda. 2025-yil oxirida, ayniqsa Yangi yil arafasida, Benue va Plateau shtatlarida sodir bo‘lgan hujumlar oqibatida o‘nlab tinch aholi halok bo‘ldi.

Vaziyat xalqaro darajada ham keskinlashdi. 2025-yil 24–25-dekabr kunlari AQSh Nigeriya hukumatining iltimosiga binoan shimoli-g‘arbiy hududlardagi ISHID lagerlariga havo zarbalari berdi. Bu hujumlar jangarilar faoliyatini vaqtincha izdan chiqargan bo‘lsa-da, mutaxassislar muammo faqat harbiy choralar bilan hal bo‘lmasligini aytmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, agar boshqaruvdagi kamchiliklar, qashshoqlik va mahalliy aholi muammolari hal qilinmasa, Nigeriyadagi beqarorlik 2026-yilda ham saqlanib qolishi va yanada kuchayishi mumkin.

Myanma

Myanma 2026-yilga uzoq davom etayotgan fuqarolar urushi bilan kirib bormoqda. Bu mojaro 2021-yilda harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan. Bugun qurolli qarshilik guruhlari mamlakatning katta hududlarini nazorat qilmoqda, harbiy hukumat esa asosan yirik shaharlar bilangina cheklanib qolgan.

Shu sharoitda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan saylovlar vaziyatni yaxshilashdan ko‘ra, hukumatning qonuniyligi bilan bog‘liq muammolarni yanada kuchaytirishi mumkin. Mojaroning insoniy oqibatlari ham og‘irligicha qolmoqda. Millionlab odamlar uy-joyini tark etishga majbur bo‘lgan, qo‘shni Tailand, Xitoy va Bangladesh esa bu inqirozning ta’sirini o‘zida his qilmoqda. Myanmada 2026-yilda ham siyosiy beqarorlik va gumanitar muammolar davom etishi kutilmoqda.

Sudan

Sudan bugun dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechiryapti. 2023-yil aprelida boshlangan fuqarolar urushi mamlakatni butunlay izdan chiqardi. Qurolli to‘qnashuvlar sabab millionlab odamlar uyini tashlab ketdi, ko‘plab hududlarda esa ocharchilik xavfi paydo bo‘ldi.

So‘nggi bir yil ichida vaziyat yaxshilanmadi. Aksincha, janglar turli hududlarga bo‘linib ketdi va mojarolar qo‘shni davlatlarga ham tarqala boshladi. Chad, Janubiy Sudan va Efiopiya bu beqarorlikning ta’sirini allaqachon sezmoqda.

Endi Sudan yanada xavfli bosqichga yaqinlashmoqda. Mamlakat amalda bo‘linib ketishi mumkinligi haqida gaplar kuchaymoqda. Agar bu sodir bo‘lsa, nafaqat Sudan, balki Afrika shoxi va Qizil dengiz atrofidagi mintaqada ham beqarorlik yanada kuchayishi mumkin.

Kongo Demokratik Respublikasi

Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududlarida zo‘ravonliklar hanuz to‘xtagani yo‘q. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun diplomatik urinishlar bo‘layotganiga qaramay, qurolli guruhlar, jumladan M23, davlat hokimiyatiga qarshi chiqishda davom etmoqda. Ular ayniqsa Goma atrofida etnik ziddiyatlardan va foydali qazilmalar ustidan nazorat uchun kurashdan foydalanmoqda.

O‘tgan yili imzolangan tinchlik kelishuvlari amalda joriy etishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Agar 2026-yilda bu kelishuvlar mustahkamlanmasa, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. Bu esa nafaqat Kongo, balki uzoq yillardan beri mojarolar chegaralardan oshib kelayotgan Buyuk yo‘llar mintaqasi uchun ham xavf tug‘diradi.

Tayvan va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik

Urushlar bo‘layotgan hududlardan tashqari, ayrim strategik nuqtalardagi keskinlik ham global xavflarni oshirmoqda. Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi taranglik asosan Sharqiy Osiyoda yuz berayotgan bo‘lsa-da, uning ta’siri butun dunyoga yoyilishi mumkin. Bu holat ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.

Agar vaziyat yanada keskinlashsa, savdo aloqalari uzilishi, dengiz orqali yuk tashish yo‘llari izdan chiqishi va mikrochiplar yetkazib berishda muammolar paydo bo‘lishi ehtimoli bor. Bu esa ko‘plab davlatlar iqtisodiyotiga bevosita ta’sir qiladi. Natijada, Xitoy va G‘arb iqtisodiyoti bilan chambarchas bog‘langan Global Janub mamlakatlari qiyin siyosiy va iqtisodiy tanlovlar oldida qoladi.

Теги :
Jamiyat