$
 11934.61
-17.49
 13788.05
8.47
 144.64
-0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Mikrokreditbank Islomiy moliyalashtirishni joriy qilmoqchi

Mikrokreditbank

Mikrokreditbank yaqin yillarda Islomiy moliyalashtirish xizmatlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Loyiha bosqichma-bosqich amalga oshirilib, 2027-yil oxirigacha to‘liq yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi yo‘nalish bankning 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan transformatsiya strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Umuman, shu davr uchun 38 ta yirik loyiha belgilangan bo‘lib, ularning asosiy qismi bank xizmatlarini raqamlashtirish va yangi mijozlar segmentlarini qamrab olishga qaratilgan.

Bolalar uchun alohida raqamli bank

Strategiyadagi yana bir yangi yo‘nalish — “Junior Banking”. Bank bolalar va o‘smirlar uchun alohida raqamli bank tizimini yaratmoqchi.

Loyiha yosh foydalanuvchilar uchun moslashtirilgan bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bankning o‘zi “Junior Banking”ni kelajakdagi mijozlar bazasini shakllantirish mexanizmi sifatida ko‘rmoqda.

Kredit berishda sun’iy intellekt ishlatiladi

Mikrokreditbank kreditlash jarayoniga “AI Scoring” tizimini ham joriy etishni rejalashtirgan.

Sun’iy intellekt mijozning kreditga layoqatini baholashda qo‘llanadi. Bank hisob-kitobiga ko‘ra, bu kredit bo‘yicha qarorlarni tezroq qabul qilish, inson omili bilan bog‘liq xatolarni kamaytirish va kredit risklarini samaraliroq boshqarishga yordam beradi.

Bundan tashqari, bank dasturchilari sun’iy intellekt yordamida biznes-reja tayyorlaydigan platformani ishlab chiqqan. Tizim tuman va mahallalarning iqtisodiy salohiyatini tahlil qilib, qaysi biznes yo‘nalishlari istiqbolli ekanini aniqlashi va foydalanuvchiga amaliy tavsiyalar berishi ko‘zda tutilgan.

Face ID ham joriy etiladi

Raqamlashtirishning yana bir qismi mijozlarni Face ID orqali identifikatsiya qilish bo‘ladi.

Texnologiya bankka kelgan mijozni tezkor aniqlash, uning ma’lumotlarini qayta ishlash va bank operatsiyalarida xavfsizlikni oshirish uchun qo‘llanilishi rejalashtirilgan.

Bank avtomatlashtirish bo‘yicha ayrim tizimlarni allaqachon ishlatmoqda. 2025-yilda 60 mingdan ortiq mijozga to‘liq avtomatlashtirilgan tizim orqali jami 2,137 trillion so‘mlik kredit ajratilgan.

Yarim yilda 6,8 trillion so‘mlik kredit

2026-yilning birinchi yarmida Mikrokreditbank jami 6,8 trillion so‘m kredit ajratgan. Shundan 5,3 trillion so‘mi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Xususan, 2,8 trillion so‘m investitsiya dasturlari, 1,1 trillion so‘m oilaviy tadbirkorlik, 902,6 milliard so‘m “Mening mahallam”, 321,1 milliard so‘m “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida ajratilgan.

Bank ma’lumotiga ko‘ra, kreditlar hisobidan yarim yil davomida 51 dan ortiq loyiha ishga tushirilgan. Natijada qariyb 100 ming kishining bandligi ta’minlangan: 14 ming nafari doimiy ishga joylashtirilgan, yana qariyb 86 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilingan.

Mikrokreditbankning 2026–2028-yillardagi asosiy maqsadi an’anaviy bank modelidan raqamli, mijozga yo‘naltirilgan ekotizimga o‘tishdir. Islomiy moliyalashtirish, “Junior Banking”, AI Scoring va Face ID ushbu transformatsiyaning asosiy loyihalari qatoriga kiritilgan.