$
 11797.92
-15.29
 13739.86
20.0
 138.00
1.29
weather
+26
Кечаси   +14°

Elektrotexnika korxonalariga mis sotib olish uchun 50 mln dollar ajratiladi

elektrotexnika

O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini yanada kengaytirish uchun korxonalarga yangi imkoniyat yaratilmoqda. Endi ishlab chiqaruvchilar mis sotib olish uchun kerak bo‘ladigan katta mablag‘ni birdaniga topishi shart bo‘lmaydi. Xarajatning asosiy qismini maxsus tizim orqali moliyalashtirish ko‘zda tutilgan va buning uchun 50 mln dollar ajratiladi.

Xo‘sh, bu O‘zbekiston elektrotexnika sanoatini qanchalik o‘zgartiradi?

Korxona mis pulining faqat 25 foizini o‘zi to‘laydi

Elektrotexnika sanoatida mis eng kerakli xomashyolardan biri. Kabel, transformator, elektr jihozlari va boshqa ko‘plab mahsulotlarni ishlab chiqarishda katta miqdorda mis ishlatiladi. Shu sabab korxonalar ishlab chiqarishni ko‘paytirishi uchun avvalo yetarli xomashyo zaxirasiga ega bo‘lishi kerak.

Ammo misni katta hajmda sotib olish arzon emas. Korxona buyurtma olgan taqdirda ham xomashyo uchun oldindan katta pul kerak bo‘ladi. Bankdan kredit olish uchun esa garov talab qilinadi. Ayniqsa kichik va o‘rta ishlab chiqaruvchilar uchun bu jiddiy muammoga aylanishi mumkin.

Yangi tizim aynan shu masalani yengillashtirishga qaratilgan. Korxona sotib olayotgan mis qiymatining 25 foizini o‘z hisobidan to‘laydi. Qolgan 75 foizini esa “O‘zsanoateksport” AJ moliyalashtirib turadi. Ishlab chiqaruvchi bu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha bo‘lgan stavkada qaytarishi mumkin.

Bu tizim uchun jami 50 mln dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada korxona bor pulining katta qismini faqat xomashyoga sarflab yubormaydi. Qolgan mablag‘ni ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi uskuna olish, ishchilar sonini ko‘paytirish yoki boshqa xarajatlarga ishlatish imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston elektrotexnikasi 65 ta davlatga sotilmoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektrotexnika sanoati ancha kattalashgan. 2018-yilda sohada 4,7 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 43,1 trln so‘mga yetgan. Ya’ni bir necha yil ichida ishlab chiqarish hajmi bir necha baravar oshgan.

Mahalliy zavodlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar faqat O‘zbekiston bozori bilan cheklanib qolmayapti. Bugungi kunda ular 65 ta davlatga eksport qilinmoqda va eksport hajmi 1 mlrd dollardan oshgan.

Ichki bozorda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ulushi katta. Mamlakatdagi maishiy texnikaga bo‘lgan talabning qariyb 80 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlarining qariyb 30 foizi xorijga sotilmoqda.

Mahsulotlarning turi ham o‘zgarib boryapti. Oldin soha ko‘proq maishiy texnika bilan tanilgan bo‘lsa, hozir quyosh panellari, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari, yuqori kuchlanishli kabellar, issiqlik nasoslari va boshqa zamonaviy qurilmalar ham ishlab chiqarilmoqda.

Yil oxirigacha eksportni 1,6 mlrd dollarga chiqarish rejalashtirilgan

Bu yil elektrotexnika sanoati oldiga yanada katta maqsadlar qo‘yilgan. Dastlabki yetti oyda mamlakatda 30 trln so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Shu vaqt ichida 706 mln dollarlik mahsulot xorijga sotilgan.

Yangi korxonalar va ishlab chiqarish liniyalari ham ishga tushmoqda. Yetti oy davomida umumiy qiymati 148 mln dollar bo‘lgan 16 ta loyiha amalga oshirilgan. Ular hisobidan 1,2 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Yil oxirigacha ishlab chiqarish hajmini 51 trln so‘mga yetkazish maqsad qilingan. Eksport bo‘yicha esa 1,6 mlrd dollarlik marra qo‘yilgan. Bundan tashqari, qiymati 420 mln dollar bo‘lgan yana 67 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

2030-yilgacha ishlab chiqarishni 11 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan

Elektrotexnika sanoati bo‘yicha asosiy rejalar 2030-yilgacha mo‘ljallangan. Shu vaqtga borib soha va unga yaqin yo‘nalishlarda ishlab chiqarish hajmini 11 mlrd dollarga, eksportni esa 5 mlrd dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Buning uchun kelgusi yillarda sohaga 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Yangi zavodlar qurilishi, mavjud korxonalar kengaytirilishi va zamonaviy texnologiyalar olib kelinishi kutilmoqda.

Bu rejada mis ishlab chiqarish ham muhim o‘rin tutadi. Hozir O‘zbekistonda yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqariladi. Kelajakda yangi quvvatlarni ishga tushirib, bu ko‘rsatkichni 300 ming tonnagacha yetkazish maqsad qilingan. Mis ko‘payishi elektrotexnika korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni oshirish uchun muhim.

O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari ko‘paygani sari ularga kabel, transformator, elektr uskunalari va boshqa jihozlar kerak bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, energetikadagi yangi loyihalarning o‘zi mahalliy elektrotexnika korxonalari uchun yiliga 500 mln dollarlik buyurtma yaratishi mumkin.

Теги :
Jamiyat