$
 11809.82
-29.77
 13569.48
0.13
 140.68
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Milliy sertifikat imtihonidagi hududiy limit

sertifikat

Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda hududlar bo‘yicha o‘rinlar soni hisobga olinishi talabgorlar uchun yangi muammoni yuzaga keltirdi. Endi ariza topshirish muddati yakunlanmagan bo‘lsa ham, muayyan hudud uchun ajratilgan joylar band bo‘lishi bilan o‘sha hududda ro‘yxatdan o‘tish yopilishi mumkin.

Bilim va malakalarni baholash agentligi buni imtihonlarni tashkil etish imkoniyatlari bilan izohlamoqda. Biroq yangi tartib boshqa bir masalani ham kun tartibiga olib chiqadi: o‘z hududida joy topa olmagan talabgor nima qiladi va buning qo‘shimcha xarajatini kim ko‘taradi?

Ro‘yxatdan o‘tish muddati bor, ammo joy bo‘lmasligi mumkin

Avval talabgor uchun asosiy mezonlardan biri ariza topshirish muddatiga ulgurish edi. Yangi tartibda esa muddatning o‘zi yetarli emas.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qaroriga asosan, Agentlik test o‘tkaziladigan joylar, hududlardagi o‘tirish o‘rinlari soni va imtihon sanalarini belgilaydi. Talabgorlar esa ajratilgan o‘rinlar doirasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Natijada, masalan, ro‘yxatdan o‘tish uchun yana bir necha kun vaqt qolgan bo‘lsa ham, talabgor yashaydigan hududdagi o‘rinlar band bo‘lsa, u yerda imtihonga yozilish imkoni qolmaydi. Bu esa rasmiy ro‘yxatdan o‘tish muddati bilan amaldagi ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati o‘rtasida farq paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Boshqa viloyatdagi “bo‘sh joy” qo‘shimcha xarajat degani

Muammoning talabgor uchun eng sezilarli tomoni — hudud masalasi. Agar talabgor o‘z viloyatida joy topa olmasa, boshqa hududdagi bo‘sh o‘rinni tanlashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bunday holatda imtihon to‘lovining o‘zi bilan xarajat tugamaydi.

Yo‘l, ovqatlanish, zarurat tug‘ilsa tunash uchun joy — bularning barchasi qo‘shimcha mablag‘ talab qiladi. Agar talabgor voyaga yetmagan bo‘lsa va ota-onasi ham unga hamrohlik qilsa, xarajat yanada ortishi mumkin.

Shu nuqtada masala faqat imtihonga nechta o‘rin ajratilgani haqida emas, davlat xizmatidan foydalanish uchun fuqaro amalda qancha xarajat qilayotgani haqida ham bo‘lib qoladi. Chunki milliy sertifikat imtihoni pullik

Talabgor xizmat haqini to‘lashga tayyor bo‘lsa-yu, o‘z hududida xizmatdan foydalanish imkoniyati bo‘lmasa, tashkiliy imkoniyat yetishmasligidan kelib chiqadigan qo‘shimcha xarajat amalda yoshning zimmasiga tushadi.

Yarim million o‘rin muammoni hal qiladimi?

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning sentyabr–dekabr oylaridagi milliy sertifikat imtihonlari uchun jami 496 303 ta o‘tirish o‘rni ajratilgan. Xususan, sentyabrda 125 753 ta, oktyabrda 129 535 ta, noyabrda 112 335 ta, dekabrda esa 128 680 ta o‘rin ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, yilning ikkinchi yarmida imtihonlar soni ham oshirilgan. Sentyabr–dekabr oylarida jami 15 ta imtihon o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 11 ta imtihonda 255 217 nafar talabgor qatnashgan.

Bu raqamlar imtihon qamrovi kengayayotganini ko‘rsatadi. Ammo respublika bo‘yicha umumiy o‘rinlar sonining ko‘pligi alohida hududda joy yetishmasligi muammosiga javob bermaydi.

Talabgor uchun 496 mingta o‘rinning qayerda joylashgani muhim. Agar uning hududida o‘rin qolmagan bo‘lsa, boshqa viloyatlardagi bo‘sh joylar muammoni faqat safar qilish hisobiga hal qiladi.

O‘rinlar real talabga qarab taqsimlanyaptimi?

Agentlik hududlardagi o‘rinlar sonini belgilashda mavjud binolar, texnik vositalar, xodimlar soni hamda imtihon jarayonini nazorat qilish imkoniyatlari hisobga olinishini bildirgan. Bu imtihonni tashkiliy jihatdan o‘tkazish uchun zarur omillar. Biroq o‘rinlarni taqsimlashda hududdagi real talab qay darajada hisobga olinayotgani ham muhim. Masalan, avvalgi imtihonlarda bir viloyatda 20 ming talabgor ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, navbatdagi imtihonda o‘rinlar sonini belgilashda ushbu ko‘rsatkich qanday inobatga olinadi? Yoki ro‘yxatdan o‘tish boshlanganidan so‘ng ma’lum bir hududda talab prognozdan ancha yuqori ekani ko‘rinsa, qo‘shimcha o‘rin yaratish mexanizmi ishlaydimi?

Aynan shu savollarning javobi hududiy cheklovning talabgorlar manfaatiga qanchalik mos tashkil etilganini ko‘rsatadi.

Joy tugasa, qo‘shimcha sessiya nega ochilmasligi kerak?

Imtihon markazlarining imkoniyati cheksiz emasligi tushunarli. Har bir hududda bino, texnika va xodimlar bilan bog‘liq muayyan sig‘im mavjud. Ammo talabning o‘zi ham oldindan to‘liq prognoz qilinmasligi mumkin.

Shunday vaziyatda tizim moslashuvchan ishlashi muhim: talab yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha smena tashkil qilish, imtihon kunlarini ko‘paytirish, boshqa binolarni jalb qilish yoki qo‘shimcha markazlar ochish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkin.

Aks holda ma’muriy jihatdan eng oson yechim — ajratilgan o‘rin tugashi bilan ro‘yxatdan o‘tishni yopish bo‘lib qoladi. Abituriyent uchun esa bu eng qulay yechim bo‘lmasligi mumkin.

“Oldinroq ro‘yxatdan o‘ting” tavsiyasi yetarlimi?

Talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tishning so‘nggi kunini kutmaslik tavsiya etilmoqda. Amaliy jihatdan bu to‘g‘ri maslahat: joylar cheklangan ekan, ertaroq ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroning o‘rin topish imkoniyati yuqoriroq.

Biroq masalani faqat talabgorning tezkorligiga bog‘lash ham savollar tug‘diradi. Agar davlat ariza topshirish uchun ma’lum bir muddat belgilagan bo‘lsa, fuqaro ushbu muddat ichida murojaat qilish huquqiga ega ekanini tabiiy ravishda kutadi.

Amalda esa xizmat “kim tezroq ro‘yxatdan o‘tsa, o‘sha ulguradi” tamoyiliga yaqinlashishi mumkin. Ayniqsa talab yuqori hududlarda o‘rinlar qisqa vaqt ichida tugayotgan bo‘lsa, muammoni faqat fuqarolarga “erta ro‘yxatdan o‘ting” deyish bilan hal qilish qiyin.

Agentlikdan aniqlik kiritilishi kerak bo‘lgan savollar bor

Hududlar bo‘yicha o‘rin belgilanishining o‘zi imtihon jarayonini tashkil qilish nuqtai nazaridan tushunarli. Masala ushbu cheklov talab yuqori bo‘lgan vaziyatlarda qanday boshqarilishida.

Xususan, hududlar uchun o‘rinlar qaysi formula va statistik ma’lumotlar asosida belgilanadi? Avvalgi imtihonlardagi talab hisobga olinadimi? O‘rinlar muddatidan oldin tugagan hududlarda qo‘shimcha joy ajratish imkoniyati bormi? Buning uchun qanday mezon belgilangan?

Yana bir muhim ma’lumot — o‘z hududida joy topa olmagani sabab boshqa viloyatni tanlashga majbur bo‘lgan talabgorlar statistikasi. Bu raqamlar ochiqlansa, yangi tartibning talabgorlarga real ta’sirini baholash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Zero, masala imtihon markazida nechta stul borligidangina iborat emas. Pulli davlat xizmatiga talab mavjud ekan, asosiy savol shunday: talab oshganda xizmat ko‘rsatish imkoniyati kengaytiriladimi yoki mavjud imkoniyatga sig‘magan fuqaro qo‘shimcha xarajat qilib boshqa hududdan joy izlashi kerak bo‘ladimi?