Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 97 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +9°

Alisher Roʻziyev: Oʻzbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi kamayishi mumkin

Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili Oʻzbekistondagi ba'zi yirik qurilish obyektlarida ishchilarga oyiga 500−600 dollar oylik berilayotganini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Roʻziyev: Oʻzbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi kamayishi mumkin

Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili Oʻzbekistondagi ba'zi yirik qurilish obyektlarida ishchilarga oyiga 500−600 dollar oylik berilayotganini ta’kidladi.

Oʻzbekistonda qurilish sohasida keskin oʻsish

Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boʻlim boshligʻi Alisher Roʻziyev Oʻzbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi kamayishi mumkinligini aytdi.

Uning ta'kidlashicha, hozir Oʻzbekistonda qurilish sohasi faol rivojlanmoqda, ba'zi ob'ektlardagi ish haqi esa Rossiyadagi mehnat haqi bilan raqobatlasha oladi.

“Bugungi kunda Oʻzbekistonda qurilish sohasida keskin oʻsish boʻlmoqda va tabiiy ravishda, bizdagi ish haqi Rossiyadagi ba'zi obyektlarniki bilan tenglashib qoldi. Shu sababli ushbu vaziyatda Rossiyaga joʻnab ketayotgan fuqarolarimiz oqimining pasayish tendensiyasi kuzatilishi mumkin”, — dedi Alisher Roʻziyev.

O‘zbekistondagi quruvchilar 500-600 dollar topmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boʻlim boshligʻining aytishicha, Oʻzbekistondagi ba'zi yirik qurilish obyektlarida qurilish ixtisosliklari boʻlgan ishchilar oyiga 500−600 dollar ishlab topmoqda.

“Shunga koʻra, bunday ish haqi uchun Rossiyaga borish endi manfaatli boʻlmay qoldi”, — deya qoʻshimcha qilgan agentlik vakili.

Fuqarolarni xorijda ishga joylash geografiyasi sezilarli darajada kengaydi

Ro‘ziyevning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi soʻnggi ikki yilda fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish geografiyasini sezilarli darajada kengaytirdi. Bu Yevropada ishchi kuchiga boʻlgan talab oshgani hisobiga ham boʻlgan.

Iyun oyi boshlarida Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat migrantlari soni 4-6 milliondan 1 million kishiga kamayganini ma'lum qilgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga davlat tashrifida ikki davlat rahbari mehnat muhojirlarining bugungi kundagi umumiy soni boʻyicha shunday ma'lumotni aytgan.

250-300 ming mehnat migrantlarining qaytishi

10-may kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yigʻilishida 2024-yilning yanvar—mart oylarida mehnat migratsiyasidan 58 ming nafar, aprelda 57 ming nafar fuqaro qaytib kelgani ma'lum qilingandi. Yil oxirigacha yana 250-300 ming kishi qaytishi prognoz qilingan. Qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berilgan.