Yekaterinburgda politsiyachilar migrantlarni kaltakladi
Jarohat olganlarning barchasi o‘zbekistonliklar ekanligi aytilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Yekaterinburgda shifoxonaga tushgan bir nechta mehnat muhojirlari ularni politsiya kaltaklaganini ochiqlagan. Bu haqida Migrant.uz nashri xabar bermoqda.
Mentlar yotoqxonaga bostirib kirgan
Ma’lum bo‘lishicha, “spetsnas” chaqiruv bo‘yicha Yekaterinburg shahrining Akademicheskiy rayonidagi Ocheretin ko‘chasiga kelgan. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlari yotoqxonaga aylantirilgan yerto‘la (podval)ga tushgan.
Muhojirlar dubinka va elektroshokerlar bilan kaltaklangan
“Ikki kishini qo‘lga olishdi. Yana ikki kishini tez yordam mashinasida og‘ir holatda shifoxonaga olib ketishdi, bir nechta odamni turli jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazishdi. Barcha jarohat olganlar ularni dubinka va elektroshokerlar bilan qattiq kaltaklashgani haqida shikoyat qilishmoqda”, – deydi guvoh.
Barcha jarohat olganlar O‘zbekiston fuqarolaridir
Guvohning so‘zlariga ko‘ra barcha jarohat olganlar O‘zbekiston fuqarolaridir. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda yotoqxonada 20 kishi bo‘lgan.
Politsiyaning matbuot xizmati holat bo‘yicha hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini, “Rosgvardiya”dagilar esa izoh bermasliklarini ma’lum qilgan.
Hech qanday rasmiy ma’lumot berilmagan
O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi konsulligi voqeaga qanday munosabat bildirgani, jarohat olgan o‘zbekistonliklarga qanday yordam ko‘rsatilayotgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Qurilish maydonida qo‘lga olingan 45 nafar o‘zbekistonlik
Shuningdek, nashrning ma’lum qilishicha, qurollangan xavfsizlik kuchlari guruhi qurilish maydoniga bostirib kirib, 45 nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga oldi.
Migrantlar asfalt ustida bir muddat qurol bilan ushlab olib o'tirilgandan so‘ng ularni tekshirish uchun politsiya bo'limiga olib ketildi.
“Noqonuniy muhojirlar deportatsiya qilinishi mumkin. Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi aniqlanganlar harbiy komissariatga ro'yxatga olish uchun yuboriladi”, – deyiladi xabarda.



