Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +8°

Metapnevmovirus haqida SSV axboroti to‘g‘rimi, Sanepidqo‘mitaningmi?

Sanepidqo‘mita metapnevmovirus haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xavotirli xabarlarga izoh berdi. Biroq qoʻmitaning maʼlumotlari SSVning maʼlumotlaridagi raqamlarga biroz ters kelmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Metapnevmovirus haqida SSV axboroti to‘g‘rimi, Sanepidqo‘mitaningmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda metapnevmovirus infeksiyasi va ushbu infeksiyaning COVID-19dan ham xavfli ekanligi yuzasidan xabarlar tarqalmoqda. Sanepidqoʻmita ushbu kasallik toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Metapnevmovirus qachon paydo boʻlgan?

Qayd etilishicha, Metapnevmovirus birinchi marta 2001-yilda aniqlangan boʻlib, asosan havo-tomchi yoʻli bilan, kamdan-kam holatlarda esa ifloslangan yuzalar bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Virusni asosan kuz-qish mavsumida faol aylanishi kuzatiladi.

Belgilari qanday?

Metapnevmovirus infeksiyasi, odatda burun oqishi, yoʻtal va isitma kabi belgilari bilan oʻtkir respiratorli infeksiyalar shaklida namoyon boʻladi, ba'zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi.

Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratlarsiz tuzalib ketadi.

Kasallikni davolash odatda simptomatik boʻlib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qoʻllaniladi. Ogʻir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin.

Qozogʻistondagi vaziyat

Metapnevmovirus bilan kasallanish holatlari har yili dunyoning barcha mamlakatlarida qayd etiladi.

Butun dunyoda boʻlgani kabi, qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda, ayni paytda oʻtkir respirator virusli infeksiyalar va gripp bilan kasallanishning mavsumiy oʻsishi kuzatilayotgani, shu bilan birga metapnevmovirusning ham qayd etilgani e'lon qilingan.

Respirator infeksiyalar tarqalishida gripp va rinovirus yetakchilik qilmoqda

Ayni vaqtda respublikamizda ham oʻtkir respirator infeksiyalarga chalinish holatlarining mavsumiy koʻtarilishi kuzatilmoqda. Sanpedqoʻmitasining maʼlumotlariga qaraganda, ushbu respirator infeksiyalarning 36,9%ida gripp virusi, 30,2%da rinovirus, 28,6%da respirator-sinsitial virus, 1,2%da metapnevmovirus va 3,1%da boshqa viruslar aniqlangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi munosabatida esa Oʻzbekistondagi oʻtkir respirator infeksiyalarning 39,9 %ida gripp virusi, 32,2 %da rinovirus, 30,6 %da respirator-sinsitial virus va 1,2 %da metapnevmovirus aniqlangan.

Tavsiyalar

Sanepidqoʻmitasi fuqarolarga ushbu infeksiyalarni yuqtirib olmasliklari uchun:

profilaktika va gigiyena qoidalariga rioya qilish;

odamlar gavjum joylarga, ayniqsa yosh bolalarni olib yurishni cheklash;

kasallik belgilari paydo boʻlgan oila a'zolarini alohida saqlab, shifokor koʻrsatmasiga asosan davolanishni tavsiya qildi.