O‘zbekiston internet-nashrlari qancha pul topyapti?
2025-yil O‘zbekiston mediabozori uchun paradoksal yil bo‘ldi. Yirik internet nashrlar auditoriya, reklama va daromadni oshirdi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab OAVlarning sof foydasi kamaydi, ayrimlari esa yilni zarar bilan yakunladi.
2 daqiqa o‘qiladi

2025-yil O‘zbekiston mediabozori uchun paradoksal yil bo‘ldi. Yirik internet nashrlar auditoriya, reklama va daromadni oshirdi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab OAVlarning sof foydasi kamaydi, ayrimlari esa yilni zarar bilan yakunladi.
Daromad oshyapti, lekin foyda emas
Ochiq moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, medianing eski modeli avvalgidek ishlamayapti. Endi millionlab ko‘rishlar va katta trafikning o‘zi yetarli emas.
Kontent ishlab chiqarish qimmatlashyapti, jurnalist va texnik xodimlar maoshi oshmoqda, reklama uchun raqobat kuchaymoqda.
Eng ko‘p daromad qilgan nashrlar
2025-yilda eng katta tushumni Kun.uz oldi — 29,4 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda:
— Repost.uz — 29 mlrd
— Spot/Afisha — 19 mlrd
— Daryo.uz — 16,4 mlrd
— Gazeta.uz — 14,3 mlrd so‘m
Sof foyda bo‘yicha yetakchilar
Sof foyda bo‘yicha ham Kun.uz yetakchi bo‘ldi — 8,8 mlrd so‘m.
Spot/Afisha — 7,4 mlrd, Uznews.uz esa 4,2 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan.
Nega katta auditoriya endi yetarli emas?
Eng qiziq jihat — Daryo.uz misoli. Nashr daromadni qariyb 26%ga oshirganiga qaramay, yilni 493 mln so‘m zarar bilan yakunlagan.
Bu mediabozordagi yangi reallikni ifodalamoqda — auditoriya o‘sishi endi avtomatik tarzda katta foyda degani emas.
Telegram va blogerlar asosiy raqobatchiga aylanmoqda
Bozordagi eng katta bosimlardan biri — Telegram kanallar, Instagram sahifalar va blogerlar.
Ularda katta redaksiya, ofis yoki og‘ir soliq yuki yo‘q. Shu sabab ular reklama narxini ancha arzon taklif qila oladi. Natijada, reklama beruvchida savol tug‘ilmoqda: nega saytga banner berish kerak, agar shu auditoriyani Telegram orqali tezroq va arzonroq olish mumkin bo‘lsa?
Soliq yuki keskin oshgan
2025-yilda:
— Kun.uz — 8,1 mlrd so‘m
— Spot/Afisha — 5,3 mlrd
— Daryo.uz — 4,6 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Yirik online nashrlarda soliq to‘lovlari 20–40%gacha oshgan.
SI va Google ham bozorni o‘zgartiryapti
Sun’iy intellekt va Google’ning yangi algoritmlari butun dunyoda yangilik saytlarining trafikini kamaytirmoqda. Katta xalqaro medialar ham qidiruv tizimlaridan auditoriya yo‘qotyapti. Bu jarayon O‘zbekistonda hali to‘liq sezilmagan bo‘lsa-da, bozor yangi davrga kirib bo‘ldi.
Televideniye hali ham katta pul topyapti
Yirik telekanallarning umumiy daromadi 764 mlrd so‘mga yaqinlashgan — bu internet nashrlardan bir necha barobar ko‘p.
Yetakchilar:
— Sevimli TV — 243,6 mlrd tushum va 82,1 mlrd foyda
— ZO‘R TV — qariyb 200 mlrd tushum va 53,6 mlrd foyda
Biroq televideniyeda ham vaziyat ideal emas. Masalan, Milliy TV yilni 2,9 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.



