$
 12825.01
12.71
 13552.19
19.84
 128.62
0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Biz kuchli milliy jamoamiz — Jaloliddin Masharipov

Masharipov

JCH-2026 saralash bosqich 6-turi doirasidagi KXDR – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida ikki jamoa murabbiy va futbolchilari ishtirok etdi.

Futbolchilarning o‘zini ko‘rsatish vaqti keldi

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes o‘yin oldidan tashkil qilingan matbuot anjumanida qatnashib, o‘z fikrlarini ma’lum qildi. “Aytish mumkinki, so‘nggi uchrashuvdan keyin bizda bu bahsga tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi. To‘rt kun ichida futbolchilarning barchasi tayyorgarlikni davom ettirishdi. Faqatgina maydon masalasida bizda muammolar bo‘ldi. Chunki mashg‘ulot maydoni holati yaxshi emasdi. Shunga qaramay, bizni muhim o‘yin kutib turibdi va unda ijobiy natija qayd etish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz. Saralashdagi barcha 10 ta uchrashuvni yo‘qotishlarsiz o‘tkazishning iloji yo‘q. Shu sababli ertaga maydonga tushadigan futbolchilarning o‘zini ko‘rsatish vaqti keldi. Ular bu imkoniyatdan yaxshi foydalanishlari talab etiladi”, - dedi Srechko Katanes.

Kuchli jamoa hech qachon ketma-ket ikkita o‘yinni yutqazmaydi

KXDR – O‘zbekiston uchrashuvi oldi matbuot anjumanida terma jamoamiz safidan Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi. “Keyingi o‘yinga tayyormiz. Ha, mashg‘ulotlarda maydon masalasida kichik muammo bo‘lib turdi, ammo hozir bunga qaraydigan payt deb o‘ylamayman. Bu yerga faqat uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun keldik. Hozir oldimizdagi vazifa – g‘alaba. O‘ylaymanki, uchrashuvga tayyormiz. Kuchli jamoamiz va mana shunaqa o‘yinlarda kuchli jamoalar sinovdan o‘tadi. Kuchli jamoamiz, buni bilamiz va bu masalada yigitlar bilan gaplashdik. Birinchi o‘yinni tezda esdan chiqargan holda bu o‘yinga tezroq e’tiborni qaratishimiz kerak. Nimaga deganda, ikkinchi o‘yin ham o‘shani o‘ylab o‘tib ketishni xohlamaymiz. Kuchli jamoa hech qachon ketma-ket ikkita o‘yinni yutqazmaydi. Biz kuchli milliy jamoamiz va Xudo xohlasa ertaga buni ko‘rsatib, muxlislarni, hammani 3 ochko bilan xursand qilishga harakat qilamiz”, - deydi Jaloliddin Masharipov .

Raqib jamoaga qarshi alohida strategiyamiz mavjud

KXDR terma jamoasi bosh murabbiyi Sim Yon Nam o‘yin oldidan quyidagicha fikr bildirdi. “Biz ertangi uchrashuvda muvaffaqiyat qozonish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz. Buning uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yin bilan bog‘liq tayyorgarliklarni puxta bajardik. Uchrashuv davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarga moslashish juda muhim. Shuningdek, raqib jamoaga qarshi alohida strategiyamiz mavjud. Buning ustida ish olib bordik. Futbolchilarimiz o‘yinga to‘liq tayyor va yaxshi natijaga erishishga harakat qilamiz”, – dedi Sim Yon Nam.

Qanday o‘ynash kerakligini aniqlab oldik

KXDR terma jamoasi futbolchisi Xan Kvan Son O‘zbekistonga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida quyidagilarni gapirdi. “Biz O‘zbekiston milliy terma jamoasini chuqur o‘rganib, ularga qanday o‘ynash kerakligini aniqlab oldik. Shu sababli ertangi bahsda ijobiy natijaga erishamiz deb o‘ylayman. O‘zbekistonga qarshi dastlabki bahsda kutilgan natijaga erisholmagandik. Ushbu muvaffaqiyatsizlik sabablarini o‘rganib, navbatdagi uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘rdik. Eronga qarshi bahsdagi kamchiliklarni O‘zbekiston bilan uchrashuvda takrorlamaslik uchun bor mahoratimizni namoyish etamiz”, – dedi Xan Kvan Son.

KXDR — O‘zbekiston

Terma jamoa FIFA kunlarida o‘zining navbatdagi o‘yinini 19-noyabrda, Laosda KXXRga qarshi o‘tkazishi rejalashtirilgan. KXDRga qarshi safar uchrashuvda quvaytlik hakamlar brigadasi ishlaydi. Bosh hakam — Ali Ali Ahmad, unga yurtdoshlari Alanezi Abdulhadi va Abbos Ahmad yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam — Ammar Ashkanani. VARda esa Abulloh Jamali faoliyat olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 17:00 da “Laos” stadionida start oladi.

Теги :
Jamiyat