$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Mask “Ozodlik”ning “ovozi”ni yopmoqchi

Mask

Milliarder “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” soliqchilar pulini sarf qilayotganini aytdi.

Amerikalik milliarder Ilon Mask “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi”ni yopishga chaqirdi. Bu haqda u o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida yozdi.

Ilon Mask Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari hisoblanadi. Ushbu tuzilma ortiqcha me’yoriy hujjatlarni yo‘q qilish, amaldorlar va xarajatlarni qisqartirishga e’tibor qaratadi. Shundan kelib chiqib, milliarder “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” soliqchilar pulini sarf qilayotganini aytdi.

“Ularni endi hech kim tinglayotgani yo‘q”

“Ha, ularni yoping. Yevropa endi ozod (bo‘g‘uvchi byurokratiyani hisobga olmaganda). Ularni endi hech kim tinglayotgani yo‘q. Bu shunchaki o‘zi bilan gaplashayotgan aqldan ozgan radikal so‘lchilar bo‘lib, ular amerikaliklarning soliqlaridan yiliga 1 milliard dollarni sarf qilmoqda”, deb yozdi milliarder X sahifasida.

Avvalroq milliarder AQSh hukumati Politico, The New York Times (NYT) gazetalari va Associated Press (AP) agentliklarini moliyalashtirishni to‘xtatishini aytgandi. Bunga AP Davlat departamentidan 620 ming dollar, NYT Sog‘liqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmatlardan “o‘nlab million dollar” olgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Oq uy moliyalashtirish USAID orqali amalga oshirilganini ma’lum qilgan. Politico bunga javoban “hech qachon davlat dasturlari yoki subsidiyalarining benefitsiari bo‘lmaganini” ta’kidlagan.

DOGE — hukumat departamenti bo‘lmasa ham Mask Oq uyda o‘z ofisiga ega

The Guardian gazetasining xabar qilishicha, DOGE hukumat departamenti emas, Mask esa yangi ma’muriyat a’zosi hisoblanmaydi. Shunga qaramay milliarder Oq uy majmuasiga kiruvchi Eyzenxauer ma’muriy binosida ofisga ega.

Maskning ko‘rsatmasi bilan 19 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan dasturchilar va muhandislar federal agentliklarning nozik ma’lumotlarini nazorat qiladi va ommaviy qisqartirishlar bilan tahdid qiladi.

Shuningdek, Trampning inauguratsiyasidan bir necha kun o‘tgach, Mask AQSHning barcha 2 million federal xizmatchilariga elektron xat yuborib, ularni kutilayotgan qisqartirishlar arafasida ishdan bo‘shashga chaqirgan. Ma’lum bo‘lishicha, Ilon Mask xodimlarga yetti oylik maosh miqdorida to‘lov taklif qilgan.