Mask Rossiya bilan aloqasi borligini da’vo qilganlarni yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda
Milliarder amerikalik senatorlarning uning Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha tekshiruv talab qilgani va SpaceX’ni hukumat shartnomalaridan mahrum qilish masalasini ko‘tarishlarini keskin tanqid qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask amerikalik senatorlarning uning Rossiya bilan aloqalari bo‘yicha tekshiruv talab qilgani va SpaceX’ni hukumat shartnomalaridan mahrum qilish masalasini ko‘tarishlarini keskin tanqid qildi. Bu haqda Tass axborot agentligi ma’lum qildi.
Mask ikki senatorni “qo‘g‘irchoqlar” deb atadi
Unga ko‘ra, milliarder senatorlar Jan Shaxin va Jek Ridni “qo‘g‘irchoqlar” deb atab, ayblovlarni ilgari surganlarni “topib, yo‘q qilishini” aytdi.
Maskning ushbu bayonoti X (sobiq Twitter) platformasida joylangan. U senatorlarning talablarini asossiz deya ta’kidlab, “Bu hujjatni kim yozgan va senatorlarni imzolashga kim majburlagan?” degan savolni ko‘targan.
Maskning siyosiy sahnada paydo bo‘lishi shubhalarni oshirgan
Bunga javoban, The Wall Street Journal gazetasi Maskning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muntazam aloqada bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan, ammo Kreml bu iddaolarni rad etdi. Shu bilan birga, Maskning siyosiy sahnada paydo bo‘lishi, xususan, prezident Donald Tramp bilan yaqin aloqalari, uni muhokamalarning markaziga qo‘ymoqda.
Tramp Maskni kelajakda byurokratiyaga qarshi kurashadigan maxsus bo‘limga rahbarlik qilishga chaqirgan. Bu vaziyatlar Mask va uning faoliyati atrofidagi siyosiy bosimni yanada kuchaytirishi mumkin.
Maskning Italiya siyosatiga aralashishi
Shuningdek, Italiya prezidenti Serjio Mattarella amerikalik milliarder Ilon Maskni Italiya ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan edi.
Unga ko‘ra, Mask Rim sudyalarining hukumatning immigratsiyaga qarshi tashabbuslarini to‘xtatib qo‘yishini tanqid qilib, “sudyalar ketishi kerak” deb yozib, Albaniyada boshpana izlovchilarni hibsga olish haqida qaror chiqarayotgan Rim sudyalariga e’tiroz bildirgan edi. Bu chiqish ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va Italiyadagi immigrantlarni boshqarish siyosati atrofidagi munozaralarni kuchaytirdi.
Italiya bosh vaziri Giorgia Meloni Mask bilan do‘stona muloqot o‘tkazgan, lekin vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermagan. Mask esa Mattarella va Italiya suverenitetiga hurmatini bildirib, fikrini erkin ifoda etishda davom etishini aytgan.
Bu tortishuv, Yevropa Ittifoqi Adliya sudi Italiya hukumati Albaniyadagi hibsxonalar orqali muhojirlarni qaytarish tashabbusini to‘xtatishni ko‘rsatganidan so‘ng kuchaydi. Hozirda Italiya oliy sudi va Yevropa Ittifoqi sudlari o‘rtasida ushbu masala bo‘yicha qaror chiqarilishi kutilmoqda.



