$
 12258.38
16.21
 14455.08
-67.81
 159.49
-0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

“Maroqand” AJ bankrot deb e’lon qilindi

maroqand aj

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi 2026-yil 2-fevral kuni “Maroqand” aksiyadorlik jamiyatini bankrot deb topdi va kompaniyani tugatishga doir ish yurituvini boshladi. Mazkur tashkilot mamlakatda UPay to‘lov tizimi operatori sifatida faoliyat yuritib kelgan.

“Maroqand” 2022-yil may oyida Humans fintech ekotizimi tomonidan to‘liq sotib olingan. 2024-yil sentyabr oyida Markaziy bank kompaniya faoliyatiga olti oy muddatga cheklov kiritgan bo‘lib, bunga fuqarolar mablag‘larining qonunchilikda taqiqlangan yo‘nalishlarga, jumladan qimor o‘yinlari bilan bog‘liq xizmatlarga o‘tkazilgani sabab bo‘lgan. Ushbu holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. 

2024-yil oktyabr oyida “Maroqand” litsenziyasi vaqtincha to‘xtatilgani ham rasman tasdiqlangan edi. 2025-yil 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi ayrim cheklovlarni bekor qilgan bo‘lsa-da, kompaniya faoliyatini to‘liq tiklay olmadi.

Shu bilan birga, 2025-yil oktyabr oyida Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Humans MChJni ham bankrot deb topgan. Sudning so‘nggi qarori bilan “Maroqand” AJ faoliyatini tugatish jarayoni boshlanib, kompaniyaning majburiyatlari va kreditorlar talablari amaldagi qonunchilik doirasida ko‘rib chiqiladi.