$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosi tartibga solinadi

markirovkalash

Vazirlar Mahkamasining “Majburiy raqamli markirovkalash lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosini tartibga solish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Soliq qo‘mitasiga yuklangan vazifalar

Qaror ijrosi doirasida Soliq qo‘mitasiga bir qator vazifalar yuklatildi:

  • xususan, joriy yilning 1-sentyabriga qadar alkogol, tamaki va pivo mahsulotlari, maishiy texnika va dori vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining “Asl belgisi” milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tganligi hamda raqamli markirovkalash talablariga rioya etilayotganligini nazoratga olish;
  • bunda 2024-yil 10-avgustga qadar markirovkalanadigan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlari xatlovdan o‘tkazilganligi haqida ijtimoiy tarmoqlar va OAVda rasmiy e’lon joylashtirish;
  • shuningdek, 2026-yil 1-avgustga qadar qalbaki raqamli markirovkalangan va/yoki kontrafakt mahsulotlarni import qiluvchi, ishlab chiqaruvchi hamda ulgurji va chakana realizatsiya qiluvchi subyektlarga nisbatan mazkur mahsulotlarni musodara qilgan holda, jinoiy javobgarlikka tortish normalarini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
  • bir hafta muddatda Soliq qo‘mitasida raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil etish;
  • 2024-yil davomida Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari uchun raqamli markirovka qoidalari, shuningdek, raqamli markirovka tizimi bilan ishlash bo‘yicha o‘quv va ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazib borish hamda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish choralarini ko‘rish belgilandi.

“Soliq” mobil ilovasiga joylashtiriladigan ma’lumotlar

Bir oy muddatda majburiy raqamli markirovkalash tartiblari, shu jumladan, markirovka kodlarini chop etuvchi (tipografiya) hamda tegishli uskunalarni yetkazib beruvchi (integrator) korxonalar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-sayti hamda “Soliq” mobil ilovasida joylashtirish;

2024-yil 1-noyabrga qadar raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarning ulgurji savdosini faqat naqd pulsiz shaklda sotish talabini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

2024-yil 1-dekabrga qadar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, ulgurji va chakana savdoni tizimlashtirish hamda markirovkalash qoidalarini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining “Savdo to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish kabi vazifalar Soliq qo‘mitasiga yuklatildi.

Soliq inspeksiyasini bir oy oldin xabardor qilish tartibi

Shu bilan birga, raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lganda, tuman (shahar) soliq inspeksiyasini bir oy oldin xabardor qilish tartibi joriy etiladi.

Bunda soliq inspektori 3 ish kunida chakana savdo huquqi uchun yig‘imlarning to‘liq to‘langanligi hamda alkogol, tamaki va pivo mahsulotlarining ombordagi qoldiqlarini xatlovdan o‘tkazadi.

Bundan tashqari, qaror bilan majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda.

Теги :
Iqtisodiyot