$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

Narxlar oshishiga sabab bo‘lgan markirovkalash 2024-yil bozorida qanday o‘rin egalladi?

markirovkalash

Bugungi kunda markirovkalanadigan mahsulotlar reyestrida 110 897 nomdagi markirovka qilingan mahsulotlar mavjud. Maishiy texnika (67 550 nomdagi), dori vositalari va tibbiy buyumlar (12 022), alkogol (13 031) reyestrda yetakchi o‘rinlarni egallaydi.

Markirovkalangan mahsulotlar soni bo‘yicha Toshkent shahri (88 977 ta), Toshkent (8 780 ta) va Samarqand (3 929 ta) viloyatlari yetakchi bo‘ldi.

Dori bozorida “Asl Belgisi”

Dori vositalarini majburiy markirovkalash boshlanganiga ikki yil bo‘ldi. “Dori vositalari va tibbiy buyumlar” guruhida mahsulot aylanmasi ishtirokchilari soni 2023-yilga nisbatan 35 foizga oshgan. Markirovkalangan dori vositalari savdosi 19,5 barobarga oshdi.

Bugungi kunga qadar “Asl Belgisi” mahsulotlarini markirovkalash va kuzatish tizimiga 69 ta mahalliy dori ishlab chiqaruvchilari va 395 ta ulgurji sotuvchilar qo‘shilgan. Dori vositalari va tibbiy buyumlar segmentida eng ko‘p markirovka qilingan tovarlar infuziya va vena ichiga yuborish uchun eritmalar, og‘iz orqali qabul qilinadigan preparatlar orasida esa analgetiklar va yallig‘lanishga qarshi vositalarni tashkil etdi.

Tamaki mahsulotlari bozori 51 foizga oshdi

Tamaki mahsulotlari bozori ishtirokchilari soni 15 foizga oshdi. 2023-yilga nisbatan 2024-yilda tamaki sanoatida markirovkalash tizimida 51 foiz ko‘p mahsulot nomlari ro‘yxatga olingan. Markirovkalangan tamaki mahsulotlari savdosi 2023-yilga nisbatan 2 barobarga oshdi.

“Maishiy texnika” guruhi

“Maishiy texnika” guruhida ishtirokchilar soni 165 foizga oshdi. Ishtirokchilar sonining o‘sishi bilan ro‘yxatdan o‘tgan mahsulot nomlari soni ham 122 foizga oshdi. Markirovkalangan maishiy texnikalar 2023-yilga nisbatan 11 barobar ko‘p sotildi. Markirovkalar soni bo‘yicha mahalliy (53,6 foiz) va import (45,5 foiz) texnika yetakchilik qildi. Eng ko‘p markirovkalangan mahsulotlar uchligiga lampalar va yoritish qurilmalari, televizorlar va monitorlar, sovutgichlar va muzlatgichlar kiradi.

Ichimliklar va alkogol mahsulotlari

“Shishali suv va salqin ichimliklar” segmentida ishtirokchilar soni 2023-yilga nisbatan 58 foizga oshgan. Markirovkalangan suv va ichimliklar savdosi 1 739,7 barobarga oshdi. Eng ko‘p markirovkalangan mahsulotlar alkogolsiz ichimliklar (40,1 foiz) bilan ifodalanadi. Ikkinchi o‘rinni tabiiy ichimlik suvi egallaydi (23,2 foiz). Uchinchi o‘rinni energetik ichimliklar egalladi (8,6 foiz).

“Alkogol mahsulotlari” guruhida ishtirokchilar soni 2024-yilda 18 foizga oshdi. Markirovkalangan alkogolli mahsulotlar 2023 yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘p sotildi. Eng ko‘p markirovka qilingan mahsulotlar uchligiga o‘tkir alkogol, vino va konyaklar kirdi.

Pivo sanoatida 2024-yilda ishtirokchilar soni 16 foizga oshdi. Markirovkalangan pivo savdosi 2023-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshgan.

Aslida markirovkalash kontrafakt mahsulotlarni aniqlashda qo‘l kelmoqda

“Asl Belgisi” tizimi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, raqamli markirovka yangi toifadagi mahsulotlarni qamrab olib, bozorda o‘z ishtirokini kengaytirmoqda. Bu nafaqat mahsulot ayirboshlashning shaffofligini oshirish va logistika jarayonlarini tezlashtirishga, balki iste’molchilarni kontrafakt mahsulotlardan himoya qilishga ham xizmat qiladi. Raqamli markirovka orqali fuqarolarda real vaqt rejimida mahsulotning haqiqiyligini tekshirish imkonini beruvchi “Asl Belgisi” mobil ilovasi (Android / iOS) yordamida xarid qilinayotgan mahsulotlarning qonuniyligiga ishonch hosil qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, raqamli markirovkaning joriy etilishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, noqonuniy aylanma ulushini kamaytiradi va biznesning shaffofligini oshirishga yordam beradi.

Sut mahsulotlari uchun ham markirovka joriy qilinishi masalasi

Dekabr oyida sut mahsulotlariga ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilganini ko‘rsatuvchi markirovka joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tadbirkorlar taklifiga ko‘ra quruq sut importiga cheklovlar olib tashlanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.

Unga ko‘ra, sut mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun olti oy muddatda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilgani to‘g‘risida markirovkalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi aytilgan.

Markirovkalash yoki belgi qo‘yish?

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda sut mahsulotlarini ham markirovkadan keyin suv va salqin ichimliklar taqdiri kutayotganligi haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Biroq, keyin ma’lum qilishlaricha, sut mahsulotlari quruq yo tabiiy sutdan foydalanib ishlab chiqarilganini ko‘rsatuvchi belgi qo‘yish taklif etilgan.

Lekin tarqatilgan matn va video xabarlarda sut mahsulotlarini markirovkalash rejalashtirilayotgani qayd etilgan.

Markirovkalash havodan pul ishlashmi?

Markirovkalashni iqtisodchi bloger Otabek Bakirov “havodan pul ishlash” deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy markirovkalash xuddi IMEI va avtoraqamlar uchun to‘lov undirish singari xususiy cho‘ntaklarga to‘lanadigan soliqqa aylanib qolgan. Yangi davrda avj olgan bunaqa buzuq tajribaning ildizlari shimolga borib taqaladi, deya izoh bergan edi.

Gilamlar va shinalarni markirovkalash

Bundan avval Rossiya OAVdan biri bo‘lgan RBK ham O‘zbekiston hukumati gilamlarni markirovkalashga qaror qilganligi haqida xabarlar yozgan edi. Buni mamlakat Davlat soliq qo‘mitasi bosh davlat soliq inspektori Ahmadbek Fayziyev ham tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita “SRPT Turon”ga bu masalani ishlab chiqishni topshirgan.

“SRPT Turon” kuzatuv kengashi raisi Andrey Kirillovning RBKga aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston hukumati uchta yangi tovar toifasida – shinalar, avto ehtiyot qismlari va gilamlarda markirovkalash tizimini joriy etish imkoniyatlari va muddatlarini ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan.

Markirovkalash ishini Alisher Usmonov kompaniyasi amalga oshiradimi?

O‘zbekiston tovarlarni markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni 2019-yil avgust oyida tasdiqlangan edi. Pilot loyihaning operatori sifatida “CRPT TURON” MCHJ tanlangan. Uning ta’sischisi, qaror matnida ko‘rsatilganidek, Rossiyadagi “Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish markazi” (IITM) markirovka tizimi operatori. Uning asosiy egasi – USM Alisher Usmonov (50 foiz), yana 25 foiz Rossiya “Rostex” davlat korporatsiyasi va Almaz Capital boshqaruvchi sherigi Aleksandr Galitskiyga tegishli.

Теги :
Jamiyat