27-30 iyun kunlari Zominda “II Xalqaro maqom san'ati anjumani” oʻtkaziladi
Ushbu anjumanda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rik-tanlov g’oliblari diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ishtirokchilar 3 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanadi
27-30 iyun kunlari Jizzaxning Zomin tumanida YuNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “II Xalqaro maqom san'ati anjumani” oʻtkaziladi.
Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga koʻra, Xalqaro xay'at tomonidan koʻrik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholgʻu ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyalari boʻyicha baholanadi. Gʻoliblari diplom, statuetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ochilish marosimida ishtirok etuvchilar
Anjuman ochilish marosimida BMT Tinchlik instituti rektori R.Aravena, YuNESKO Bosh kotibi oʻrinbosari G.Ramoz, YuNESKO 42 Assambleyasi prezidenti M.Mikulesku, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi oʻrinbosari N.Seytimov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi S.Raev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti A.Raimqulova, xalqaro folklor tashkilotining Osiyo mintaqasi boʻyicha Bosh kotibi M.H.Suk, Turkiy parlament assambleyasi raisi M.S.Er va boshqalar faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi kutilyapti.
80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi
Ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan anjumanda 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
Shu bilan birga, “II Xalqaro maqom san'ati anjumani” doirasida “Maqom san'atining nazariy va amaliy asoslari: muammo va yechimlar” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ham boʻlib oʻtadi.
Ma'lumot uchun, Xalqaro maqom san'ati anjumani birinchi marotaba 2018-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida oʻtkazilgan va uning ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoev nutq soʻzlagandi.



