$
 11820.48
19.25
 13766.13
28.32
 137.51
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Qo‘ng‘iroq ovozidan baraban sadosigacha: Dunyo bolalari maktab boshlanishini qanday kutib oladi?

maktab

Sentyabrning ilk kunlari biz uchun yangi o‘quv yili, parta va formalar bilan xotiramizga muhrlangan. Biroq xaritaning turli nuqtalarida bilim dunyosiga qadam qo‘yish mutlaqo boshqacha manzaraga ega. Kimdir maktab ostonasiga sakura gullari ostida, aprel shabadasi bilan qadam qo‘ysa, yana kimdir musson yomg‘irlari ostida rang-barang soyabonlar tutib yo‘l oladi. Ba’zi mamlakatlarda birinchi sinf o‘quvchilarini ichi shirinliklarga to‘la ulkan konussimon sovg‘a qutilari kutsa, boshqa bir burchakda tantana rasmiy baraban sadolari bilan boshlanadi. Sentyabrdan aprelgacha, Yevropadan Osiyogacha bo‘lgan ushbu sayohatimizda jahon maktablaridagi eng qiziqarli va hayratlanarli an’analarni birgalikda kashf etamiz.

Osiyo davlatlarida o‘quv yilining boshlanishi

Sentyabrning ilk kunlari... Ertalab kimdir forma dazmollagan, kimdir nonushta tayyorlagan… Ko‘chalarda o‘quvchilarning jarangdor ovozi, ustozlar uchun tayyorlangan gullar… Maktabda birinchi qo‘ng‘iroqning jarangi, yangi o‘quv yiliga shay sinfxonalar… Bu manzara O‘zbekistonda yashaydigan barchaga tanish. Bu yil mamlakatimizda 2-sentyabr – maktab boshlanishi kuni uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi. Xo‘sh, boshqa davlatlarda-chi?

Ko‘pgina MDH mamlakatlarida sentyabrning ilk kunida tantanali saf tortish (lineyka) va “Birinchi qo‘ng‘iroq” marosimlari o‘tkaziladi. 11-sinf o‘quvchisi 1-sinfga endigina chiqqan bolani yelkasiga o‘tkazib, davra bo‘ylab yuradi va “Birinchi qo‘ng‘iroq”ni chaladi. Bu avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni hamda yuqori sinf o‘quvchilarining kichiklarga yo‘l ko‘rsatishini ifodalaydi. Ushbu an’ana O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyada saqlanib qolgan.

Vyetnamda esa yangi o‘quv yili 5-sentyabr kuni boshlanadi. Tantanali marosimda maktab direktori an’anaviy va ulkan “Cai Trong” barabanini uch marta uradi. Ushbu sado rasman yangi o‘quv yili boshlanganini anglatadi.

Sakura gullagan paytda boshlanadigan maktab

Janubiy Koreyada yangi o‘quv yili mart oyida boshlanadi. Maktabdagi birinchi kun “Ipakshik” deb nomlanuvchi o‘quv yiliga qabul marosimlari o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilar va ularning ota-onalari yig‘ilib, o‘qituvchilar hamda maktab jamoasiga hurmat belgisi sifatida ta’zim qilishadi.

Aprel oyida esa Yaponiya va Hindistonda darslar boshlanadi. Bu davr Yaponiyada sakura gullagan vaqtga to‘g‘ri keladi. Mamlakatda boshlang‘ich sinfga qadam qo‘ygan har bir o‘quvchiga “Randoseru” deb ataluvchi maxsus charm sumka sovg‘a qilinadi. Bola bu sumkani barcha 6 yillik boshlang‘ich ta’lim davomida tutadi. Hindistonda esa “Pravesh Utsav”, “Praveshotsav” yoki “Praveshanotsavam” deb nomlanuvchi marosimlarda maktabga ilk bor kelayotgan bolalarni tantanali kutib olish uchun ularga yangi soyabonlar, o‘quv qurollari hamda shirinliklar ulashiladi.

Amerika maktablari va “Back to school” madaniyati

Amerika qit’asi mamlakatlarida (Shimoliy va Janubiy Amerika) yangi o‘quv yilining boshlanishi ham o‘ziga xos madaniy odatlar va an’analar bilan kechadi. Bu davlatlarda yangi o‘quv yili sentyabrning o‘rtasigacha bo‘lgan davrda boshlanadi. AQSh va Kanadada yuqori sinf (12-sinf) o‘quvchilari o‘quv yilining eng birinchi kuni tong otishidan oldin maktab stadioni yoki yaqin oradagi tepalikda yig‘ilishadi. Ular birgalikda kun chiqishini tomosha qilib (“Senior Sunrise”), maktabdagi so‘nggi yillarini kutib olishadi. Yil oxirida esa bu an’ana “Senior Sunset” (quyosh botishi) bilan yakunlanadi.

Ilk haftada maktab jamoasi sport zalida yig‘iladi. Maktab orkestri hamda cheerlederlar (qo‘llab-quvvatlovchi guruh) chiqish qilishadi, o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida quvnoq musobaqalar o‘tkazilib, yangi o‘quv yiliga motivatsiya beriladi. Bundan tashqari, bolalar “Mening birinchi sinfdagi birinchi kunim” (“My first day of 1st grade”) kabi yozuvi bor doskani ushlab suratga tushishadi. Braziliyada esa o‘quv yili fevral oyida, mashhur Braziliya karnavali tugashi bilanoq boshlanadi.

Shirinliklar to‘ldirilgan sumka, ota-onasiz kun va “o‘quvchilikka qabul”

Yevropa mamlakatlarida yangi o‘quv yili shunchaki darslarning boshlanishi emas, balki ko‘p asrlik madaniyat va bayramona kayfiyatni mujassam etgan o‘ziga xos hodisadir. Masalan, Germaniya hamda Avstriyada birinchi sinfga borayotgan har bir bolaga ota-onasi yoki cho‘qintirgan ota-onasi tomonidan “Schultüte” (maktab xaltasi) taqdim etiladi. Bu rang-barang qog‘oz va matolardan yasalgan ulkan konussimon sumka bo‘lib, ichi shirinliklar, maktab qurollari, kichik o‘yinchoqlar hamda kitoblar bilan to‘ldiriladi. Bola bu xaltani faqat maktabdagi birinchi dars tugaganidan keyin ochishi mumkin.

Fransiyada sentabr boshida maktabga qaytish shunchaki o‘quvchilarning bayrami emas, butun jamiyat uchun katta voqelik hisoblanadi. Maqolalarda, televideniyeda va do‘konlarda “La Rentrée” (“Maktabga qaytish”) iborasi asosiy mavzuga aylanadi. Birinchi kuni o‘quvchilarga baho qo‘yilmaydi; o‘qituvchilar va bolalar yozgi ta’til taassurotlari bilan o‘rtoqlashishadi.

Polshada o‘quv yilining birinchi kuni o‘quvchilar klassik kiyimda kelishadi. Maktab direktori ulkan yog‘och qalam bilan har bir birinchi sinf o‘quvchisining yelkasiga tegizib, ularni rasman “o‘quvchilikka qabul qilish” (“Pasowanie na ucznia”) marosimini o‘tkazadi.

Norvegiya va Finlandiyada esa yangi o‘quv yilining birinchi kuni bolalar maktabga ota-onasiz, o‘zlari piyoda yoki velosipedda kelishadi. Birinchi dars kuni ochiq havoda o‘yinlar o‘ynash va sinfxonalarni birgalikda bezatish bilan o‘tadi.

Теги :
Jamiyat