Planshetli majlislar: Quronboyev mahalla raislariga planshet hadya qildi
Xorazm viloyatidagi mahalla fuqarolari yig‘inlari raislarini planshet bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari e’lon qilindi.
1 daqiqa o‘qiladi

22-iyul kuni Xorazm viloyatidagi mahalla fuqarolari yig‘inlari raislarini planshet bilan ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari e’lon qilindi. Endilikda Xorazm viloyatining mahalla raislari rahbariyat topshirig‘ini bloknotga emas, planshetga qayd etadigan bo‘ldi.
Har bir raisga 2.8 millionlik planshet
Mahalla xodimlarini ertalab soat 7:00 da madhiya aytishga majburlagan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev Xorazmdagi mahalla raislarini planshetlar bilan ta’minlamoqda, deb yozadi G‘azna. Buning uchun O‘zbekiston mahallalari uyushmalari byudjetidan Xorazm viloyati 531 nafar mahalla raislarining har biriga 2.8 million so‘mlik planshet sotib olingan.
Raislar qulayligi uchun ajratilgan umumiy mablag‘ 1.5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Mazkur mablag‘ sarfini aniqlagan data-jurnalist N. Norto‘rayev “endi raislar planshet ishlatishni o‘rganib olishsa bo‘ldi”, - deya kinoya qilmoqda. Avvalroq O‘zbekiston mahallalar uyushmasi raisining BYD HAN avtomobilini juda yuqori narxda avtosalondan xarid qilganini ma’lum qilgan edik.



