Otabek Hasanov va Qahramon Quronboyev yangi lavozimda “BYD HAN” minadi
Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq deputat Rasul Kusherbayevning davlat xizmatchilariga xorijiy rusumdagi mashinalar minishni taqiqlash kerakligi, ular Nexia 3 yoki Cobaltdan qimmatroq ulovdan xizmat uchun foydalanmasligi lozimligi haqidagi so‘zlari aylanmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

“Revizor” Telegram kanali Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi BYD HAN rusumli transport vositasini xarid qilgani haqida yozgan edi. Antikorrupsiya agentligi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi BYD HAN sotib olgani yuzasidan izoh berdi, deb xabar bermoqda Daryo nashri.
Xabarda nimalar aytilgan?
Xabarda 603 million 184 ming so‘mga Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi BYD HAN transport vositasini xarid qilayotgani aytilgan. Shuningdek, O‘zbekiston mahallalar uyushmasining 630 million so‘mga yana bir dona BYD HAN avtomobilini yuqoriroq narxda boshqa avtosalondan xarid qilayotgani qo‘shimcha qilinganligi ma'lum qilingan.
Bu boradagi prezident qarori
Aniqlanishicha, prezidentning 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarorining 7-bandi 2-xatboshida Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” rahbari maqomi, maishiy ta’minoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish shart-sharoitlariga ko‘ra vazirga, markaz rahbarining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari tegishli ravishda vazirning birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosariga tenglashtirilishi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston mahallalar uyushmasining BYDsiga izoh
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasiga muvofiq, vazirliklar va davlat qo‘mitalari rahbarlariga bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 baravari (680 million so‘m) gacha bo‘lgan qiymatdagi xizmat avtotransport vositasini biriktirish mumkinligi belgilangan.
Qonunbuzilish holatlari bormi?
Yuqoridagilarga ko‘ra, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” 603 mln 184 ming so‘mga bir dona qora rangli BYD HAN rusumli transport vositasini xarid qilganligi bo‘yicha qonunbuzilishi holatlari aniqlanmagan.
Amaldorlar Nexia 3 yoki Cobalt minishi kerak
Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda sobiq deputat Rasul Kusherbayevning davlat xizmatchilariga xorijiy rusumdagi mashinalar minishni taqiqlash kerakligi haqidagi so‘zlari aylanmoqda:
— Men tavsiya qilgan bo‘lardimki qolgan amaldorlarga ham, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan Nexia 3 yoki Cobalt avtomobilidan qimmat xizmat mashinasi minmasligi kerak... ...Bu fikrlar hammasiga qaratilgan... ...vazirlarga ham qaratilgan, boshqalarga ham.



